Endi farzandingizning baholarini onlayn kuzatib bora olasiz!

  •   DiMaX
  •  1787
  •  29.05.2019 14:28

Endi farzandingizning baholarini onlayn kuzatib bora olasiz!

Ota-onalar endi farzandining o‘qishini, baholarini va o‘zlashtirishini onlayn kuzatib borishi mumkin. 29 may kuni Xalq ta’limi vazirligi va «Kundalik» kompaniyasi Toshkent maktablarida elektron jurnal va kundaliklarni sinovdan o‘tkazdi, deb yozadi Minbar nashri.

O‘QING: Maktablarimizda elektron jurnallar va kundaliklar joriy etiladi

Joriy yilning aprel-may oylarida «Kundalik» raqamli ta’lim platformasi poytaxtdagi 53 ta umumta’lim maktabida sinab ko‘rilgan edi. Loyihaning birinchi bosqichida qatnashgan maktablar sinf jurnallarini bir vaqtning o‘zida qog‘oz va «Kundalik» tizimida elektron shaklda yuritishgan.

«Kundalik» tizimi nimasi bilan qulay?

  • «Kundalik» tizimi onlayn rejimda dars jadvallari, o‘qituvchilar dars rejalari, o‘quvchilarning darsdagi ishtiroki hamda o‘zlashtirishini elektron jurnal va kundaliklarga kiritib borish imkonini beradi;
  • ta’lim muassasasining statistik hisobotlarini ishlab chiqishni ta’minlaydi;
  • tizim orqali o‘quvchilar va ota-onalar uy vazifalari hamda baholar haqida istalgan vaqtda ma’lumot olishi mumkin;
  • bu ma’lumotlar himoyalangan ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining aytishicha, 1 sentyabrgacha Toshkent shahridagi barcha maktablarda elektron jurnal va kundaliklar joriy etiladi.

O‘QING: O‘zbekistonda o‘quvchilar uchun maxsus mobil aloqa dasturi ishlab chiqilishi mumkin

Onlayn tizim o‘qituvchilarga ham foydalidir. «Kundalik» kompaniyasi tizimni sohaga joriy etishda o‘qituvchilar va maktab rahbarlariga ham yordam beradi. Ular jurnallarni onlayn yuritishi, o‘quvchilarga baho qo‘yishi mumkin.

Eng muhimi, kasalligi yoki boshqa uzrli sabab bilan dars qoldirgan o‘quvchi shu platforma orqali masofadan ta’lim olish imkoniga ega.

Xalq ta’limi vazirligi va «Kundalik» kompaniyasi maktablarda elektron jurnal va kundaliklarni yuritish loyihasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 2018 yilning oktyabr oyida kelishib olgandi. Kompaniya loyihani hayotga tatbiq etish, qo‘llab-quvvatlash va tizimni rivojlantirish xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan.

O‘QING: Xalq ta’limi vazirligi: «Facebook'dagi post bo‘yicha jinoiy ish ochildi»

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!