Endi Instagram'da ham Telegram'dagi kabi kanallar bo'ladi

Endi Instagram'da ham Telegram'dagi kabi kanallar bo'ladi

Meta kompaniyasi o'zining Instagram ijtimoiy tarmog'iga Telegram messenjerida bo'lgani kabi "kanal" xususiyatini qo'shmoqda. Bu haqda Mark Tsukerberg o'zining ana shunday Instagram kanalida xabar berdi (The Verge orqali).

Ma'lum bo'lishicha, yangi funksiya bilan kontent yaratuvchilar o'z e'lonlarini yanada ko'proq auditoriyaga yetkaza olishadi. Xuddi Telegram kanallari kabi faqat kanal administratorigina unga post qo'ya oladi. Kanalga qo'shilgan foydalanuvchilar esa ularga reaksiya bildirishlari yoki so'rovnomalarda ovoz berishlari mumkin bo'ladi.

Bundan tashqari kanallar "mehmonlar bilan hamkorliklar"ni, hamda, AMA (Ask me anything) kabilarni qo'llab-quvvatlaydi. Siz o'z kanalingizni profil lentangiz yuqorisiga qadab qo'yishingiz mumkin bo'ladi. Kanallar barcha kuzatuvchilaringiz uchun bepul va ochiq bo'ladi, shu bilan birga, uni faqat pul to'lagan obunachilaringizgagina eksklyuziv qilishingiz mumkin.

Tsukerberg kanaliga to'xtaladigan bo'lsak, u Meta Channel 📢 (Meta kanali) deb nomlanadi va endilikda u yerda Meta'ning mahsulotlari va texnologiyalari haqidagi yangiliklar birinchi bo'lib e'lon qilinadi.

Kanallar hozirda faqat Instagram'ning mobil qurilmalar uchun ilovasida mavjud. Kelayotgan oylarda esa u Messenger va Facebook ilovalariga qo'shilishi kutilmoqda. Hozirda funksiya faqat sanoqli kontent yaratuvchilar guruhi bilan sinovdan o'tkazilmoqda.

O'QING: One UI 5.1 versiyasiga yangilangan va yangilanishi kutilayotgan smartfonlar ro‘yxati