Endi Mac’ning kamerasi va mikrofonini yopib qo‘yish shartmas!

  •   DiMaX
  •  1163
  •  05.04.2017 11:50

Endi Mac’ning kamerasi va mikrofonini yopib qo‘yish shartmas!

Ayrim internet foydalanuvchilari o‘zlarining maxfiyliklari yuzasidan jiddiy xavotir olishadi. Masalan, ular o‘z noutbuklarining kamera va mikrofoniga qog‘oz yopishtirib, yoki boshqa yo‘l bilan yopib qo‘yadilar. Buyam bejiz emas aslida: chindan ham, usta jinoyatchilar zarar yetkazuvchi josuslik dasturlari yordamida kompyuterning kamerasi va mikrofoni orqali ma’lumot olishlari mumkin.

Ammo, Mac kompyuterlari sohiblari bundan himoyalanishning kameraga biror nima yopishtirib qo‘yib g‘alati ko‘rinishdan boshqa ham yo‘li bor. Bunda bizga Objective-See dasturchilari tomonidan tayyorlangan Oversight ilovasi yordamga keladi. Mazkur kompaniya ziyonkor dasturlardan saqlanishga mo‘ljallangan ilovalar ishlab chiqaradi. Masalan, ularning BlockBlock nomli ishlanmasi nafaqat shunaqa dasturlarni aniqlaydi, balki u yoki bu dasturlar tizimga nimalarni o‘rnatayotganini ham aytib beradi.

Oversight ilovasi esa, har gal kompyuteringizdagi biror dastur uning kamerasi yo mikrofonidan foydalanmoqchi bo‘lsa, bu haqda sizga xabar beradi. Bu Photo Booth singari beziyon dastur bo‘ladimi yo biror josuslik ilovasimi – farqi yo‘q, Oversight albatta sizga xabar qiladi. Siz esa shu dasturning xavfsizligiga shubha qilsangiz, «Block» tugmachasini bosib, uning ruxsatini cheklab qo‘yasiz.

Ushbu utilita mutlaqo bepul taqdim etilishi ham quvonarli. Oversight hozircha beta-rejimda faoliyat yuritmoqda, ammo baribir yaxshi ishlaydi.