Endi nikoh qurish uchun onlayn tarzda ariza berish mumkin!

Endi nikoh qurish uchun onlayn tarzda ariza berish mumkin!

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etishga ariza berish xizmati joriy etildi.

Hozirgi kunda fuqarolar portaldagi shaxsiy kabinetlari orqali onlayn tarzda nikohga kirish haqidagi ariza bilan FHDYo bo‘limiga murojaat etishlari mumkin. Bu haqda DXA nashrimizga ma’lum qildi.

Bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:

Nikohlanuvchi shaxslar o‘zlarining elektron raqamli imzosi bilan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etishga arizalarni beradi. FHDYo bo‘limi mas’ul xodimi “FHDYo yagona elektron axboroti” tizimi orqali arizasini qabul qiladi va nikohlanuvchilarga elektron shaklda tibbiy ko‘rikka yo‘llanma va nikohni qayd etish muddati haqida ma’lumot yuboradi.

Shundan so‘ng, nikohni qayd etish kuni FHDYo bo‘limiga o‘zlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat – pasporti bilan borib nikoh FHDYo bo‘limi tomonidan qayd etiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Davlat xizmatlari agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyundagi  PQ–3785-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etishga arizalar berish tizimini joriy qilish vazifasi yuklatilgan edi.

O‘QING: Endi davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni Payme orqali amalga oshirsa bo‘ladi