Endi tadbirkorlar ham yo‘llarga kamera va radarlar o‘rnatishi mumkin bo‘ladi

  •   DiMaX
  •  1387
  •  09.12.2020 17:02

Endi tadbirkorlar ham yo‘llarga kamera va radarlar o‘rnatishi mumkin bo‘ladi

«Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Qaror bilan «Davlat funksiyalari — biznes uchun imkoniyat» loyihasi amalga oshiriladi.

O‘QING: Samarqandda innovatsion svetofor o‘rnatildi – uni piyodalar boshqaradi!

Loyihaga asosan, davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning dastlabki yo‘nalishlari belgilandi.

Shunga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti joriy etilgan bo‘lib, mazkur tajriba-sinov doirasida:

2021 yil 1 apreldan Kadastr agentligi tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga ega ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga, shu jumladan, ko‘chmas mulk ob’yektlariga birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi beriladi;

ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr yig‘majildini, shu jumladan, birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonlari maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi hamda Kadastr agentligi tomonidan monitoringi olib boriladi;

ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi o‘z faoliyatini yuridik shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzish orqali yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshiradi;

ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr yig‘majildini, shu jumladan, birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash bo‘yicha xizmatlar uchun narxlar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan minimal stavkalardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi.

O‘QING: Atigi 8 dollardan sotilayotgan «videokuzatuv kamerasi»ning siri nimada?

Shuningdek, qarorga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

Elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga bunday joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi.

Shunga ko‘ra, 2021—2022 yillarda respublika bo‘yicha jami 3356 ta intellektual videokamera hamda 763 ta statsionar radar o‘rnatiladi.

2021 yil 1 apreldan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda:

haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi;

imtihonlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o‘tkaziladi;

imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi;

nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo‘ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi;

maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkor tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.

O‘QING: Toshkent chorrahalaridagi videokameralar oyiga qancha pul tushirayotganini bilasizmi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.