Endi Tesla ham quvvatlagichlarni qizg‘onishni boshladi

Endi Tesla ham quvvatlagichlarni qizg‘onishni boshladi

Twitter foydalanuvchilaridan biri, Tesla'ning qo‘llab-quvvatlash sahifasini yangilanganini va endilikda kompaniya yangi xarid qilingan elektromobillari uchun Gen 2 mobil ulagichi to‘plamini qo‘shib berishni to‘xtatganligini payqab qoldi va keyinchalik bu yangilik kompaniya rahbari Ilon Mask tomonidan ham tasdiqlandi. Milliarderning aytishicha, mobil konnektorlardan foydalanish statistikasi juda past bo‘lgan va shuning uchun ularni qo‘shib berish isrofgarchilikdek tuyulgan. Lekin har yomonning bir yaxshisi bor deganlaridek, endi mobil ulagichlar to‘plamiga ko‘proq vilka adapterlarini qo‘shilishi ma’lum qilingan.

Gen 2 mobil ulagichlar toʻplami

Haydovchilarga har qanday 110 vattlik rozetkaga suqib elektromobillarini quvvatlash imkonini beruvchi Gen 2 mobil ulagichlar to‘plami endilikda Tesla onlayn do‘konida alohida sotilmoqda. Ilon Mask "qabul qilingan fikr-mulohazalarga asoslanib", oldin 400 dollar bo‘lgan mobil konnektor narxini 200 dollargacha tushirishni aytdi, ammo, ayni vaqtda Tesla onlayn do‘konida uning narxi $275 etib belgilangan, lekin uni xohlasangiz ham hozir sotib ololmaysiz, chunki u hozirda sotuvda mavjud emas.

Shuningdek, milliarderning so‘zlariga ko‘ra, agar foydalanuvchilar uylarida devorga o‘rnatiladigan ulagichlari bo‘lsa yoki avtomobilni quvvatlashda Supercharger'lardan foydalansalar ularga mobil konnektorlar kerak emas. Lekin ayrim haydovchilarning fikrlariga ko‘ra, mobil ulagichlar sayohat qilishda juda kerakli bo‘lishi mumkin va garchi ular bilan mashina biroz sekin quvvatlansa ham, bir soatlik zaryadlashdan bilan 5 kilometrgacha masofani bosib o‘tsa bo‘ladi.

2020-yilda Apple o‘zining yangi iPhone'lariga zaryadlovchi qurilmalarni qo‘shishni to‘xtatgan edi. Undan keyin esa Samsung va Google kabi boshqa gigant smartfon ishlab chiqaruvchilari ham kupertinoliklar izidan yurdilar. Ammo, hozirda boshqa elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham Tesla'dan o‘rnak oladimi yoki yo‘q buni aytish biroz qiyin.

O‘QING: Tesla, SpaceX, ana endi Twitter ham!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!