Endi Windows 11'ni jismoniy qadoqda sotib olish mumkin!

Endi Windows 11'ni jismoniy qadoqda sotib olish mumkin!

Microsoft Windows 11'ni chiqarganiga yarim yildan oshdi, lekin shu kungacha uni olish uchun yoki Windows 10 o'rnatilgan kompyuter yangilanishi yoki oldindan Windows 11 o'rnatilgan yangi kompyuterni sotib olish kerak edi. Biroq, ma'lum bo'lishicha, endi siz o'zingiz uchun Windows 11'ning Home yoki Pro versiyasini jismoniy nusxada sotib olishingiz mumkin.

Qadoqlangan nusxadagi Windows 11 birinchi bo'lib Twitter foydalanuvchisi Luke Blevins tomonidan o'tgan hafta oxirida payqab qolingan, ammo, mahsulot bundan ancha avval oldin chiqarilgan bo'lishi mumkin, chunki Best Buy riteylerining onlayn do'koni qadoqlangan operatsion tizimning 14-apreldan sotuvga chiqarilganligini ko'rsatmoqda. Mahsulot taqdim qilinganidan tahminan yarim yil kechikib chiqarilganiga qaramay, Microsoft bu haqida hali ham rasmiy xabar bermagan.


Suratlardan ko'rish mumkinki, mahsulot chiroyli qadoqlangan. Bunda Microsoft operatsion tizimning Home versiyasi uchun kunduzgi, Pro versiya uchun esa tungi rejim fonidan foydalangan. Quti ichida esa oldingidek disk emas, balki, ishga tushirishga tayyor bo'lgan Windows 11 USB flesh kartasi mavjud. 

Bir qarashda jismoniy nusxadagi Windows 11'ni sotib olish unchalik ahamiyat kasb etmaydi, chunki hozirda ko'p noutbuklar allaqachon u bilan birga kelmoqda va garchi bunday bo'lmagan taqdirda ham kompyuterdagi Windows 10'ni yangilash orqali unga o'tish mumkin. Shuningdek, foydalanuvchilar yangi operatsion tizimni Microsoft rasmiy saytidan o'zlarining flesh kartalariga yuklab olib, u bilan kompyuterlariga Windows 11 ni o'rnatishlari va uning uchun litsenziyani onlayn sotib olishlari ham mumkin.

Xuddi raqamli litsenziya kabi, qadoqlangan nusxadagi Windows 11 Home versiyasi 139,99 dollar, Windows 11 Pro versiyasi esa 199,99 dollar turadi va ularni Amazon yoki Best Buy onlayn do'konlaridan sotib olish mumkin.

O'QING: Kompyuter uchun top 10 bepul shuter o‘yinlar

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!