Eng ilg‘or protsessor va kuchli kameraga ega iPhone Xs hamda iPhone Xs Max taqdim etildi (+video)

  •   DiMaX
  •  2357
  •  13.09.2018 10:09

Eng ilg‘or protsessor va kuchli kameraga ega iPhone Xs hamda iPhone Xs Max taqdim etildi (+video)

Avval xabar berganimizdek, Apple korporatsiyasi 12 sentyabr kuni o‘zining yangi mahsulotlari taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu tadbir Kaliforniya shtatida, kompaniya shtab-kvartirasi yonida joylashgan Stiv Jobs nomidagi Teatrda tashkillashtirildi.

O‘QING: Apple’ning yangi gadjetlari: narx, xususiyat va suratlari taqdimotdan bir hafta avval chiqib ketdi

Ushbu tadbirdan kutilgan asosiy voqea – yangi avlod smartfonlari bo‘lib, «olmali» korporatsiya eng ilg‘or ayfonlarini ikki modelda taqdim etdi – iPhone Xs va iPhone Xs Max. Lo‘nda qilib aytganda, ular o‘zaro faqat korpus va displey o‘lchami, shuningdek batareya sig‘imiga ko‘ra farqlanadi. Qolgan jihatlari bir xil: har ikkalasiga so‘nggi avlod protsessori hamda yanada kuchli kamera o‘rnatilgan, shuningdek ular IP68 standartiga ko‘ra suvdan himoyalangan.

«Oddiy» flagman – iPhone Xs modeli diagonaliga 5,8 dyuymlik, uning «Max» versiyasi esa 6,5 dyuymlik ekranga ega. Ular OLED texnologiyasiga asoslangan Super Retina turiga mansub displeylardir. Bu ayfonlar ekranlari kontentni HDR sifatida uzata oladi, yana ma’lum vaqt yangilanish chastotasini 120 Gs.gacha chiqara biladi.

Har ikkala telefon 8 yadroli neyron chipli Apple A12 Bionic protsessor bazasida ishlaydi. 7 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan mazkur chip o‘tgan yilgi «ajdod»iga qaraganda naq 50 foizga energiya tejovchi va 50 foizga tezkorroqdir. Flagman ayfonlar 64, 256 va 512 gigabaytlik doimiy xotiraga ega talqinlarda chiqariladi.

iPhone Xs hamda iPhone Xs Max modellari 12 megapikselli qo‘shaloq asosiy kamera bilan ta’minlangan. U har qanday sharoitlarda ham iPhone X kamerasidan ko‘ra yaxshiroq suratga va videoga oladi.

Smartfonlarning old kamerasi 7 megapikselli, ammo portret rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi texnologiyalari sharofati bilan, iPhone Xs va iPhone Xs Max olinayotgan rasmlarda kishilarning ko‘zi qizil bo‘lib qolishi va boshqa mayda nuqsonlarni o‘zi to‘g‘rilab yuboradi. Suratga olgandan so‘ng ham ranglar keskinligini sozlash mumkinligini alohida ta’kidlasak arziydi. Bunday imkoniyat bir oy avval bozorga chiqqan Samsung Galaxy Note 9 flagmanida ham mavjud.

iPhone Xs va Xs Max old kamerasidagi TrueDepth tizimi orqali yuzni tanish – Face ID texnologiyasi bilan ta’minlangan.

«Olmali» korporatsiya ilk bora Dual SIM smartfon chiqardi – iPhone Xs va Xs Max modellari DSDS texnologiyasi bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi. Ammo bunda bittasi odatiy bo‘lsa, ikkinchisi virtual – eSIM kartasi hisoblanadi. Afsuski, bu texnologiya ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham ishlamaydi. Kupertinoliklar Xitoy bozoriga ko‘proq e’tibor qaratishgan: u yer uchun ikkita «haqiqiy» – moddiy SIM-karta bo‘lmachasiga ega iPhone Xs va Xs Max versiyalarini chiqaradi.

Yangi ayfonlarning avtonom ishlash qobiliyatiga kelsak, Apple bu masalaga ham jiddiy qaragan. O‘tgan yilgi iPhone X modeliga nisbatan iPhone Xs modeli 30 daqiqa, iPhone Xs Max esa – naq 1,5 soatga ko‘proq ishlay oladi.

Quyida ushbu ayfonlarga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videolavhani tomosha qilamiz:

«Olmali» korporatsiya iPhone Xs hamda Xs Max smartfonlarini 21 sentyabrdan qora, tillarang va kumushrang tusli korpuslarda sotuvga chiqaradi. Boshlang‘ich – 64 GB xotirali iPhone Xs narxi 999 AQSh dollaridan boshlansa, «Max» versiyali yangi ayfon uchun 1099 dollardan boshlangan narx belgilangan.

Kupertinolik korporatsiya 12 sentyabrdagi tadbirida yana hamyonbop iPhone XR rusumli smartfonini ham taqdim etgan, bu haqdagi xabarimiz bilan ham birozdan so‘ng tanishasiz.

Avvalgi yillarda taqdim etilgan ayrim modellardagi esa iPhone’larni O‘zbekistonning istalgan yeridan onlayn xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Terashop.uz’dagi barcha iPhone’lar narxlari – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi! (2018 yil 10 sentyabr)