Eng innovatsion, rekordchi romsiz va yana bir qator texnologiyalarda yetakchi Vivo NEX smartfonlari taqdim etildi! (+video)

  •   DiMaX
  •  2755
  •  13.06.2018 11:11

Eng innovatsion, rekordchi romsiz va yana bir qator texnologiyalarda yetakchi Vivo NEX smartfonlari taqdim etildi! (+video)

BBK Electronics korporatsiyasiga qarashli Vivo kompaniyasi, nihoyat, 12 iyun kuni o‘zining NEX turkumidagi romsiz smartfonlarini taqdim etdi. Ularning bundan boshqa ham ilg‘or jihatlari, hatto yetakchi smartfonsozlar mahsulotlarida ham uchramaydigan xususiyatlari bor.

O‘QING: Ertagayoq taqdim etiladigan – jahoning eng innovatsion smartfonini «jonli» videoda ko‘ramiz!

Vivo NEX smartfonlarida korpus old yuzasining 91,24 foiz maydonini displey egallagan – bu borada u rekordchiga aylandi. Aytish kerakki, mazkur ko‘rsatkich Apple iPhone X superflagmanida 82,9 foizga, Samsung Galaxy S9 flagmanida esa 84,2 foizga teng.

Ushbu yangi turkumga NEX Ultimate (NEX S) hamda NEX modellari kiradi. Ular bir-biridan protsessori va xotira hajmi, shuningdek, daktiloskopik datchigining joylashuviga ko‘ra farq qiladi.

Vivo o‘zining yangi flagmanlarida diagonali 6.59 dyuymga teng bo‘lgan Super AMOLED displey qo‘llagan. Uning tasvir aniqligi 2316x1080 pikselni tashkil etadi. Ekran tepasidagi romdan butkul xalos bo‘lish uchun smartfon konstruksiyasi butunlay o‘zgartirilgan. Uning 8 megapikselli va f/2.0 diafragmali old kamerasi korpus ichiga yashirilgan bo‘lib, kerakli paytda yuqori qirra ichidan chiqadi.

O‘QING: Vivo tag‘in oldinda: old kamerasi yuqoridan chiquvchi, skaner va dinamigi romsiz ekranga joylangan ilk smartfon! (+video va fotolar)

NEX smartfonlarida biz ko‘nikib qolgan – moddiy so‘zlashuv dinamigi yo‘q! Gap shundaki, ushbu smartfonlarda Screen SoundCasting texnologiyasi qo‘llangan: unda tovush bevosita displeyning o‘zidan chiqadi.

Ta’kidlash kerakki, NEX S modelida nafaqat so‘zlashuv dinamigi, balki barmoq izi skaneri va hatto yorug‘lik/yaqinlashuv datchiklari ham ekranning o‘ziga integratsiya qilingan! Oddiy – Vivo NEX modelida esa daktiloskopik sensor korpusning orqa panelidan o‘rin olgan.

Trendlarga uyg‘un holda, Vivo NEX turkumidagi har ikkala smartfonning asosiy kamerasi qo‘sh modulli. Bu ob’yektivlardan biri – f/1.8 diafragmaga va optik barqarorlashtirish tizimiga ega bo‘lgan, 12 megapikselli Sony IMX363 datchigidir. Ikkinchisi esa f/2.4 diafragmali, 5 megapikselli sensor bo‘lib, asosan portret rejimida orqa fonni xiralashtirish uchun qo‘llanadi.

O‘QING: Dunyodagi eng innovatsion smartfon: «jonli» suratlar, taqdimot sanasi va rekord narx!

Vivo’ning yangi flagmani – NEX Ultimate modeliga Qualcomm kompaniyasining flagman protsessori – Snapdragon 845 o‘rnatilgan. Uning tezkor xotirasi 8 gigabaytga, doimiy xotirasi esa, versiyaga bog‘liq holda, 128 yoki 256 gigabaytga teng. O‘rtacha modifikatsiya hisoblanuvchi NEX modelining «elektron yuragi» esa Snapdragon 710 bo‘lib, tezkor va ichki xotirasining hajmi tegishlicha 6 hamda 128 gigabaytni tashkil etadi.

Mazkur yangi turkumdagi barcha smartfonlarning akkumulyatori 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. Yana boshqa umumiy jihatlariga kelsak: hamma versiyalarda korpus o‘lchamlari 162x77x7,98 millimetrga, vazni esa 199 grammga teng. Shuningdek, ularning bariga Energy UI grafik qobig‘i ostidagi Android 8.1 operatsion tizim talqini o‘rnatilgan.

Mana, ushbu eng innovatsion smartfonga bag‘ishlab tayyorlangan lavhani tomosha qilamiz:

Eng qizig‘i – narxiga keladigan bo‘lsak, boshlang‘ich modifikatsiyadagi Vivo NEX modeli uchun 600 AQSh dollari miqdorida qiymat belgilangan. NEX Ultimate flagmanining narxi esa, doimiy xotira hajmiga qarab – 128 gigabaytligi uchun 700 dollar, 256 gigabaytligiga esa 780 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Tabiiyki, mazkur narxlar Vivo NEX smartfonlarining «vatan»i – Xitoyning o‘zidaniga amal qiladi. Bordiyu ulardan birortasini AliExpress yoki boshqa biror onlayn savdo platformalari orqali sotib olishni ko‘nglingiz tusab qolsa, narxlar biroz o‘zgarishi turgan gap. Agarda onlayn xarid borasida tajribangiz yetarli bo‘lmasa, u holda tovarlarga «Terabayt.uz» saytimiz orqali buyurtma berish imkoni ham mavjud.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!