Eng kichik flagman smartfon taqdim etildi

Eng kichik flagman smartfon taqdim etildi

Asus Zenfone 9 — o‘tgan yilgi Zenfone 8 modelidan kichikroq bo‘lishiga qaramay, unga kattaroq akkumulyator, kattaroq kamera sensori va kuchliroq chipset o‘rnatildi. 

Smartfonning o‘lchami 146.6 x 68.2 x 9.5mm, og‘irligi esa 165 grammni tashkil qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, qurilma eng kichik flagmanlardan biri. Bu mini model emas, biroq uni bir qo‘lda bemalol boshqarish mumkin. Zenfone 9 modeli Snapdragon 8+ Gen1 chipi bilan jihozlangan. Smartfon qizib ketishini oldini olish maqsadida kompaniya uning ichiga maxsus sovutish qoplamini joylashtirgan. 

Smartfonning uch xil xotiraga ega turi mavjud: 8/128GB, 8/256GB, 16/256GB va 12/256GB (LPDDR5 RAM, UFS 3.1). Xotirani microSD kartasi bilan kengaytirib bo‘lmaydi, o‘tgan yilgi modelda ham bunday imkoniyat yo‘q edi. Qurilma Android 12 operatsion tizimida ishlaydigan. U ikki yillik Android va xavfsizlik yangilanishlarini qabul qiladi. 

Smartfon korpusiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning romlari alyuminiydan ishlangan. Orqa polymer materialidan yasalgan bo‘lib, u plasti va shishga nisbatan qirilishlarga chidamliroq. IP68 standarti esa smartfonni chang va suvdan himoya qiladi. Old panel Gorilla Glass Victus shishasi bilan himoyalangan. 

Shuningdek, smartfon 5.9 dyuymli OLED displeyi bilan jihozlangan bo‘lib, u 120 gerts ekran yangilanish hamda 240 gerts sensorli namuna chastotalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Displey HDR10+ imkoniyatiga ega. Uning maksimal yorqinlik darajasi esa 1100 nitni tashkil qiladi. 

Zenfone 9 uchta Sony sensorlariga ega. Asosiy kamera 50MP IMX766 sensori bilan jihozlangan. U gimbal stabilizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, optik stabilizatsiyaga qaraganda u uch karra yaxshiroq samaradorlikni taqdim etadi. Qurilmada telefoto kamera mavjud emas, ammo IMX766 sensori 16MP rezolyutsiyada 2x zum vazifasini ham bajarishi mumkin. 

Orqa paneldagi ikkinchi kamera ultrakeng kamera bo‘lib, u 12MP IMX363 sensoriga ega. Ushbu kamerada ham avtofokus funksiyasi mavjud hamda makro suratlarni ham olishi mumkin. Asosiy kamera 8K 24 kadr yoki elektron stabilizatsiya bilan 4K 60 kadr formatda video oladi. Old tomondagi IMX663 sensorli selfi kamera ham avtofokusga ega. U 4K 30 kadr yoki 1080p 60 kadr formatda videolar olishi mumkin. 

Asus smartfon audio sistemasiga alohida e’tibor qaratgan. Tizim Dirac tuning va Qualcomm ovoz apparati bilan birlashtirilgan. Qurilmada ikkita dinamik mavjud bo‘lib, pastki qismda 7 magnitli (12x16 mm), yuqori qismda esa 3 magnitli (10x12 mm) dizayndagi dinamik joylashgan. Ularning har birida Qualcomm Aqstic ovoz kuchaytirgichi mavjud. 

Smartfon 3.5 mm audio jek ham bor. Ovoz sozlanmalarida to‘rtta Dirac audio uslubi va 10 diapazonli ekvalayzer bor. Umumiy olganda, simli hamda simsiz quloqchinlar bilan ajoyib musiqalardan bahramand bo‘lish mumkin. 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, avvalgi avlodga qaraganda Zenfone 9 modelining akkumulyatori 300 mAs sig‘imga kattalashgan. Ya’ni smartfon 4,300 mAs akkumulyatorga ega bo‘lgan. Taqqoslash uchun, ushbu smartfon bilan deyarli bir xil hajmdagi Galaxy S22 modeliga 3,700 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, agar foydalanuvchi smartfonni maksimal 80% yoki 90% gacha quvvatlantirsa, 500 martalik tsikldan keyin akkumulyatori unumdorligi 7% ga kamayadi. Agar doimiy 100% quvvatlantirilsa, unumdorlik 500 tsikldan so‘ng 15 foizga kamayadi. Demak, smartfonni to‘liq quvvlamaslik maqsadga muvofiq. 

Qurilma 30 vattda quvvat oladi. Quvvlashning Steady va Ultra Steady rejimlari bo‘lib, ular orqali smartfon mos ravishda 18 va 10 vattda quvvat oladi. Bu o‘z navbatida smartfonning qizib ketishini oldini olib, akkumulyatoring uzoq vaqt hizmat qilishiga yordam beradi. Asus'ning ta’kidlashicha, smaetfondan o‘rtacha darajada foydalanilsa, uning quvvati ikki kunga yetadi. 

Barmoq izi skaneri ekran ostidan qurilmaning yon tomoniga o‘tkazildi. Smartfon ROG modellari kabi Game Genie tizimiga ega. Bu foydaluvchiga bildirishnomalarni bloklash imkonini beradi, lekin agar biror narsaga javob berish yoki uni tekshirish kerak bo‘lsa, o‘yin vaqtida ilovalarga qalqib chiquvchi bildirishnomalarni jo‘natishga ruxsat berish mumkin. Ushbu tizim, shuningdek, o‘yin kadri, batareya quvvati, smartfon harorati va boshqalarni muhim ma’lumotlarni ko‘rsatib turadi. Agar kerak bo‘lsa, tizim tezkor xotiradan fon ilovalarini ham tozalashi mumkin. Tizimda o‘yininni yozib olish uchun yaratilgan funksiya mavjud.

Zenfone 9 odatiy qutida sotiladi. Uning ichidan 30 vattlik HyperCharge adapteri, USB-C kabeli va himoya uchun g‘ilof o‘rin olgan. Quti qayta ishlangan qog‘ozdan tayyorlangan. 

Smartfonning 8/128GB xotiraga ega turi 800 yevro narxda sotuvga chiqadi. U birinchi navbatda Yevropa mamlakatlari, Gonkong va Tayvanda sotila boshlaydi. Keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham sotuvga chiqadi. 

Asus, shuningdek, Connex aksessuarlar to‘plami deb nomlangan bir qator g‘iloflarni taqdim etdi. Aksessuarni smartfonga ulash mumkin, masalan, YouTube ilovasi ochilganda, smart stand avtomatik ravishda ishga tushadi. Standni sozlamalardan boshqa ilovalar uchun qo‘llasa bo‘ladi. Bundan tashqari, tashrif qog‘ozlari va plastik kartalarni olib yurishga mo‘ljallangan hamyon ham aksessuar jamlanmasidan o‘rin olgan. 

O‘QING: Mish-mishlar to‘g‘ri bo‘lib chiqdi — Galaxy S23 seriyasi faqat Snapdragon chipi bilan jihozlanadi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!