Eng ko‘p «soqqa» keltirgan mobil o‘yinlar: iyulda g‘olib naq $299 mln ishlab olgan!

  •   DiMaX
  •  1541
  •  12.08.2021 15:43

Eng ko‘p «soqqa» keltirgan mobil o‘yinlar: iyulda g‘olib naq $299 mln ishlab olgan!

Sensor Tower joriy yilning iyul oyida eng ko‘p moddiy foyda keltirgan mobil o‘yinlar reytinglarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, PlayerUnknown's Battlegrounds o‘yinining smartfonlarga mo‘ljallangan versiyasi – PUBG Mobile eng serdaromad bo‘lgan.

O‘QING: PUBGB kutilmaganda nomini o‘zgartirdi va bir hafta bepul bo‘ldi!

Shunday qilib, 2021 yilning iyul oyida o‘z ijodkorlariga eng ko‘p foyda keltirgan o‘yinlar o‘ntaligida PUBG Mobile yetakchi. O‘tgan oyda u 299 million AQSh dollaridan oshiq pul ishlab topgan, bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan naq 26,7 foizlik o‘sishdir. Uning asosiy daromad manbai – xitoylik geymerlardir: yuqoridagi millionlarning 68,4 foizi «Osmon osti saltanati»dan kelgan.

Ikkinchi o‘rinni Honor of Kings egallagan – uning tushumi 231 million dollardan ziyodroq bo‘lib, o‘tgan yilning iyul oyidagi daromaddan atigi 2 foizga ko‘p. Unga xarajat qilish bo‘yicha xitoylik o‘yinchilar chempion bo‘lishgan – «soqqa»ning naq 94,7 foizi shu yurtdan yig‘ib olingan!

O‘QING: Musulmonlar e’tirozi bois PUBG Mobile’dan butparastlik animatsiyasi olib tashlandi

Eng serdaromad o‘yinlar o‘ntaligining kuchli beshtaligiga Genshin Impact, Pokemon GO va Roblox yana ham kirgan.

Quyidagi skrinshotda birinchi ustunda har ikkala mobil platformada olgan daromadi, o‘rta ustunda – App Store orqali ko‘rgan foydasi hamda o‘ngdagi ustunda – Google Play orqali ishlab topgan puli bo‘yicha kuchli o‘ntalik aks ettirilgan:

Ko‘ryapmizki, Android-qurilmalar egalari eng ko‘p pul sarflagan o‘yin Coin Master ekan.

O‘QING: O‘yin yaratuvchilari qayerdan va qancha pul topadi?

Alohida ta’kidlanishicha, Pokemon GO chiqqanidan beri beshinchi eng serdaromad oyni boshidan o‘tkazgan – uning mualliflari o‘tgan oyda 150 million dollardan oshiq pul ishlab olishgan. O‘yin ichidagi yillik Pokemon GO Fest festivali evaziga, uning 17–18 iyul kunlari topgan foydasining o‘ziyoq 21 million dollarga yetgan.

Umuman olganda, mobil o‘yinlarning global bozorida 2021 yilning iyulida 7,6 milliard dollar aylangan. Bu esa avvalgi yilning shu oyidagiga nisbatan 7,2 foizga yuqori ko‘rsatkich.

Mobil o‘yinlarga pul sarflash bo‘yicha AQSh geymerlari yetakchi – yuqoridagi summaning 29 foizi aynan ularning cho‘ntagidan chiqqan. Bu borada kuchli uchlikka Yaponiya (19,8%) hamda Xitoy (17,4%) geymerlari ham kirgan.

O‘QING: Al-Azhar universiteti Ka’ba buzilishini o‘z ichiga olgan o‘yinlardan ogohlantiradi (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!