Eng kuchli flagmanlar bilan tanishamiz! (AnTuTu global reytingi, 2020 yil iyul)

  •   DiMaX
  •  1789
  •  08.08.2020 09:35

Eng kuchli flagmanlar bilan tanishamiz! (AnTuTu global reytingi, 2020 yil iyul)

Kuni kecha biz AnTuTu servisida Xitoydagi foydalanuvchilarning tekshiruvlari asosida iyul oyidagi eng zo‘r flagmanlar reytingini chiqargan edik. Mazkur benchmark endi butun dunyo bo‘yicha eng kuchli smartfonlar o‘ntaligini ham taqdim etdi.

O‘QING: Eng qizib ketuvchi va eng qizimaydigan smartfonlar (Master Lu reytingi, 2020 yil 2-chorak)

Mart oyidan buyon xitoycha reytingda birinchi o‘rinni qo‘ldan bermay kelayotgan Oppo kompaniyasining Find X2 Pro flagmani iyunda 609 045 ball bilan global miqyosda ham liderlikka erishgan edi. Iyul oyiga kelib ham u shohsupadan tushgani yo‘q – 604 805 ball. Ikkinchi o‘rindagi OnePlus 8 Pro ham o‘z pozitsiyasini yo‘qotmadi, balki o‘tgan oydagidan ham yuqoriroq – 598 169 ballik natija ko‘rsatdi.

Eng qizig‘i – Xiaomi kompaniyasining arzonchi brendiga mansub Redmi K30 Pro modeli iyulda ko‘rsatgan natijalar hammani hayratga solmoqda. Xitoydagi reytingda u ayni shu kompaniyaning eng zo‘r smartfoni – Xiaomi Mi 10 Pro flagmanini ortda qoldirib, kuchli uchlikka kirgan bo‘lsa, global reytingda ham shuni takrorladi. Ha, «Xitoycha Apple»ning nisbatan arzon ushbu smartfoni 591 525 ball bilan uchinchi, eng zo‘r flagmani esa 584 344 ball bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan!

O‘QING: 394 dollarlik Redmi K30 Pro ming dollarlik iPhone 11 Pro Max’ni jangga chorladi! («jonli» video)

Dunyodagi eng kuchli flagmanlar o‘ntaligida keyingi o‘rinlarni tegishlicha One Plus 8 (576 514 ball), Poco F2 Pro (572 854 ball), Xiaomi Mi 10 (566 566 ball), Galaxy S20 Ultra 5G (515 781 ball), Galaxy S20+ 5G (514 325 ball) hamda iQOO Z1 (510 960 ball) modellari egallagan.

E’tibor bergan bo‘lsangiz kerak – bu oydagi reytingda ham Huawei kompaniyasining yoki unga qarashli Honor brendining birorta ham modeli yo‘q.

Protsessorlar bo‘yicha olib qaraganda, TOP-o‘ntalikning dastlabki yettita pog‘onasidagi smartfonlar Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 865 chipseti bazasida ishlaydi. Keyingi ikkita pog‘onani band etgan flagmanlar esa Samsung korporatsiyasining Exynos 990 protsessoriga tayangan.

Va nihoyat, o‘ntalikni yakunlab bergan geymerofonning «elektron yuragi» – Dimensity 1000+ chipseti bazasida ishlaydi; bu – MediaTek kompaniyasining jahon bo‘yicha eng zo‘r flagmanlar reytingidagi ilk vakilidir.

Keyingi oyda reytinglarda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda, zero, yaqinda amerikalik chipsozning yangi – Snapdragon 865+ flagman chipseti taqdim etgan. Uning bazasida ham allaqchon bir nechta smartfon namoyish etilib ulgurgan, lekin taqdimoti keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan bir flagman hatto eski protsessorlar bilan ham ularning barchasini «yer tishlatgan»!

O‘QING: AnTuTu reytingini «portlatgan» flagmanning nomi va taqdimot sanasini Xiaomi rasman e’lon qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!