Eng kuchli Redmi smartfoni taqdim etildi

Eng kuchli Redmi smartfoni taqdim etildi

Xiaomi kompaniyasi kecha Snapdragon 8+ Gen1 chipli Redmi K50 Ultra smartfonini taqdim etdi. Chipset bilan bir qatorda smartfon displey texnik ko‘rsatkichlari bilan ham maqtana oladi. 

Ushbu qurilmani Redmi K50 Pro va K50 Gaming modellarining aralashmasi deyish mumkin. Xiaomi 12S seriyasi va Mix Fold 2 buklamafonidan so‘ng K50 Ultra modeli ham Snapdragon 8+ Gen1 chipiga ega bo‘ldi. 

Chipset maxsus sovutish tizimi bilan qoplangan bo‘lib, ikki soatdan oshiq vaqt davomida o‘yin o‘ynalsa ham, u chipni sovutib tura oladi. Eng asosiysi, tizim kadrni 120fps bo‘lib qolishiga yordam beradi. Chip 8/12GB LPDDR5 tezkor xotira hamda 128/256/512GB UFS 3.1 doimiy xotira bilan bog‘lanadi. 

Old tomonda 6.67 dyuymli AMOLED ekran joylashgan. Ushbu 12-bitli panel 68,7 milliard rangni ko‘rsatishi mumkin. Taqqoslash uchun, K50 Gaming 10 bitli panel, K50 Pro esa 8 bitli panelga ega edi. Displey HDR10+ va Dolby Vision texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ekran rezolyutsiyasi 1,220 x 2,712 piksel bo‘lib, bu FHD+ va QHD+ rezolyutsiyalarining o‘rtasi hisoblanadi. Piksel zichligi 446ppi ni tashkil qiladi. Xiaomi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, sifat bo‘yicha displey QHD+ panellari bilan deyarli bir xil, ammo u kamroq smartfon quvvatini sarflaydi. Shuningdek, u 120 gerts yangilanish hamda 480 gerts sensorli namuna olish chastotalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekran ostiga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri esa yurak urishi tezligini ham aniqlay oladi. 

Akkumulyator va quvvlanish bo‘yicha Ultra model Pro model bilan bir xil, ya’ni smartfon 120 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Surge P1 chipi esa yuqori tezlikda quvvat olayotgan smartfonni nazorat qilib turadi. 

K50 Ultra kamera texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham K50 Pro modeliga o‘xshaydi. Smartfonga optik stabilizatsiyaga ega 108MP sensor o‘rnatilgan. Kamera ichida bitta shisha, beshta plastik linzalar o‘rnatilgan. Bu orqali kamera ko‘proq yorqinlikni o‘tkaza oladi. Shu sababli kamera diafragmasi f/1.6 ni tashkil qiladi. 

Asosiy kamera bilan birga 8MP ultrakeng va 2MP makro kameralar orqa paneldan o‘rin olgan. Old tomonda esa IMX596 sensorli selfi kamera joylashgan. 

Smartfon 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Wi-Fi 6E, NFC va infraqizil portiga ega. Qurilmadagi stereo dinamiklar Dolby Vision funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Redmi K50 Ultra'ning narxi 3000 yuandan (445 dollar) boshlanadi. Smartfon qora, kumush va ko‘k ranglarda sotiladi. 

Formula 1 ishqibozlari uchun esa maxsus versiyadagi «Mercedes-AMG PETRONAS Formula One Team Summer Edition» modeli taqdim etilgan. Ushbu versiya cheklangan bo‘lib, undan faqat 20,000 dona ishlab chiqariladi xolos. 

Smartfonning narxi bilan quyida yaqindan tanishishingiz mumkin:

8/128GB - 3000 yuan (taxminan 445 dollar)

8/256GB - 3100 yuan (taxminan 465 dollar)

12/256GB - 3400 yuan (taxminan 510 dollar)

12/512GB - 3700 yuan (taxminan 550 dollar)

12/512GB Mercedes F1 versiya - 4200 yuan (taxminan 625 dollar)

O‘QING: Xiaomi rasman Mix Fold 2 buklamafonini taqdim qildi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!