Eng mashhur blogerlarning orqasida kim turibdi?

  •   DiMaX
  •  3761
  •  18.11.2019 14:10

Eng mashhur blogerlarning orqasida kim turibdi?

Internetning rusiyzabon segmentida Yuriy Dud, «KlikKlak», Maryana Ro, Yuriy Xovanskiy, Ivangay, Slivki Show yoki Room Factory kabilar juda mashhur. O‘zbekistonlik foydalanuvchilari orasida ham ushbu YouTube-blogerlarni kuzatib boruvchilar ko‘p.

O‘QING: YouTube’da antirekord: Timur Yunusovning so‘nggi klipi eng ko‘p «dislayk» oldi!

Ammo ushbu vlogerlarning YouTube yulduziga aylanishiga faqatgina o‘zlari yoki kanaldagi qiziqarli kontent sababchi bo‘lgan emas. Shu kabi ko‘plab rossiyalik videoblogerlarning hamda modaga ta’sir eta oluvchi shaxslar – inflyuenserlarning ortida Yoola kompaniyasi yotibdi. Lenta.ru nashri uning bosh direktori Eyal Baumel bilan suhbat uyushtirgan. Xohlovchilar mana bu havola orqali o‘tib, ruschada batafsil o‘qib olishlari mumkin, quyida esa undan ayrim fikrlarni lo‘nda tarzda keltiramiz.

YouTube servisi hali yangi ishga tushgan paytlardayoq Yoola hamkorlik tarmog‘iga ikki nafar rossiyalik, bir ukrain va bir latish asos solgan. Hozirga kelib esa uning mijozlari ham ko‘p, bajarayotgan ishlari ham ko‘lamdor. Qaysi videobloger kutilmagan kontent taqdim etdi, qay biri kechkin ko‘tarilishga erishdi, qaysi kanalda reklamani qay vaqtda bergan ma’qul, xorijlik mashhurlar ulardan qay birini kuzatib boradi – shu kabilarni tahlil qilib, Yoola tobora o‘z faoliyatini takomillashtirib bormoqda.

Eyal Baumelning ta’kidlashicha, YouTube’da muvaffaqiyatga erishish uchun bloger birinchi navbatda iste’dodli bo‘lishi, yaxshi kontent yaratish yo‘llarini bilishi lozim. U hamisha ham o‘z roliklarida bosh qahramon bo‘lishi shart emas, ayrim hollarda hatto shunchaki yaxshi montaj bilan ham yutuqqa erishish mumkin.

O‘QING: YouTube’da atigi bir oyda 1,6 million obunachi to‘plagan qiz barcha videolarini shu smartfonda olyapti!

Umumiy qilib gapiradigan bo‘lsa, har qanday blogerning o‘z formati bo‘lishi zarur, deydi Eyal Baumel. Uning ta’kidlashicha, YouTube’da kanal ochishga xuddi teleshou yaratishdek yondashmoq darkor. Formatni aniqlashtirib olib, shu yo‘nalishda tinimsiz mehnat qilish va YouTube algoritmlarini ham o‘rganish lozim.

Shu bilan birga, Yoola rahbari YouTube haqida qiziq faktlarni ham keltirib o‘tgan. Jumladan, mazkur platformada har oyda 1,9 milliard kishi avtorizatsiyadan o‘tadi. Yana taxminan milliard kishi esa undan avtorizatsiyasiz (akkauntga kirmasdan) foydalanadi! Dunyo ahlining uchdan bir qismi har oyda YouTube’ga kiradi. Shu boisdan ham, har qanday kontent, ayrimlarga g‘alati yoki foydasiz ko‘rinsa-da, albatta o‘z muxlisini topadi.

Eyal Baumelga ko‘ra, YouTube’da mashhur blogerlar oyiga 10 mingdan to 100 ming dollargacha daromad olishlari mumkin. Ommabop rossiyalik vlogerlar esa hozirda bir oyda ming dollardan o‘n ming dollargacha ishlab olishyapti, deydi u.

YouTube’da eng talabgir kontent hozirda bolalarbop kanallar, shuningdek, geyming va musiqa yo‘nalishi bo‘lib turibdi. Layfstayl va go‘zallik yo‘nalishi ham ommabop.

Ko‘pchilikning fikricha, YouTube – bu birinchi navbatda o‘yinlar, blogerlar, musiqa degani. Aslida esa bu platformada hammasidan ham ko‘pi – bolalarbop kontent, deydi Yoola bosh direktori.

O‘QING: YouTube’dagi eng ko‘p «dislayk» olgan videolar TOP-o‘ntaligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!