Eng oson va eng qiyin ta'mirlanadigan smartfonlar top 10 taligi!

Eng oson va eng qiyin ta'mirlanadigan smartfonlar top 10 taligi!

Ushbu nozik va murakkab tuzilgan smartfonlar davrida, bizning ularga bo'lgan bog'liqligimiz kundan-kunga o'sishda davom etmoqda. Yaqinlarimiz bilan aloqada bo'lishdan tortib, kundalik ishlarni rejalashtirish, unutilmas lahzalarni suratga olish, kontaktsiz to'lovlarni amalga oshirish, kino, musiqa, o'yin va boshqa ko'ngilochar xizmatlardan foydalanishgacha – smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bo'lgan. Biroq bu texnologik mo'jizalar baxtsiz hodisaga duch kelganda yoxud yerga yoki suvga tushib ketganda nima bo'ladi? Odatda bunday hollarda smartfonni rasmiy xizmat ko'rsatish markaziga olib borish kerak, lekin O'zbekiston sharoitida deyarli hech qaysi smartfon brendi rasmiy xizmat ko'rsatmaydi (bo'lsa ham faqat Toshkent shahrida). Ko'cha ustalari yo smartfoningizni battar buzib beradi yoki cho'ntagingizni quritadi. Muqobil variant esa smartfonni o'zingiz uyda tuzatish bo'lishi mumkin.

Smartfonni uyda ta'mirlash sizga nafaqat qoniqish hissini beradi, balki vaqt va pulingizni ham tejaydi. Biroq, ta'mirlash haqida gap ketganda, hamma smartfonlar ham bir xil yaratilgan emas: ba'zi smartfon ishlab chiqaruvchilar ta'mirlash qulayligini birinchi o'ringa qo'yishsa, boshqalari buni qiyinlashtiradigan zamonaviy dizaynlarni tanlashadi. Xo'sh, qaysi smartfonlar uyda ta'mirlash uchun oson/qiyin?

Electronics Hub taniqli iFixit veb-saytidagi 228 xil smartfon modellarini ta'mirlash qo'llanmalarini tahlil qildi. Ular orasidan "oson" deb berilgan har bir telefon qo'llanmalari yig'ib, ularning tuzatilish ulushiga ko'ra, "o'rtacha", "qiyin" yoki "juda qiyin" deb baholangan yo'riqnomalarni birlashtirilib esa, tuzatish daqiqasiga ko'ra eng qiyin bo'lgan telefonlar reytinggi tuzdi.

Muammo smartfon ekranida bo'ladimi yoki batareyada, Electronics Hub tayyorlangan quyidagi reytingga ko'ra, ushbu qurilmalarni ta'mirlash 100% qiyin va ular o'rtacha ta'mirlash vaqtiga ko'ra ro'yxat qilingan:

  1. Google Pixel 7 – 60.3 daqiqa
  2. Samsung Galaxy Note 10 – 58.4 daqiqa
  3. iPhone SE 3 – 55.6 daqiqa
  4. Redmi Note 7 – 53.8 daqiqa
  5. Xiaomi Mi 9 – 53.6 daqiqa
  6. Huawei P30 Pro – 53 daqiqa
  7. Redmi Note 11 Pro – 45.4 daqiqa
  8. Google Pixel 3a XL – 45 daqiqa
  9. Samsung Galaxy A72 – 43.5 daqiqa
  10. Samsung Galaxy A53 5G – 40.5 daqiqa

Garchi ta'mirlash qiyin bo'lsa ham Google'ning Pixel 7 smartfonining original qismlarini topish qiyin emas (albatta, Amerikada). Qolaversa, joriy yilda kompaniya Fransiyaning "Ta'mirlash huquqi to'g'risidagi" qonuniga muvofiq Pixel 7 smartfonining ta'mirlash bo'yicha qo'llanmalari ham chiqargan.

Ta'mirlash qiyin bo'lgan smartfonlar ro'yxatida faxrli ikkinchi o'rinni Samsung kompaniyasining Galaxy Note 10 modeli 58.4 daqiqa o'rtacha ta'mirlash vaqti bilan egallagan. iFixit ushbu qurilmaning tuzatilishini 10 ballik sistemada 3 ball bilan baholagan. Top uchlik esa Apple'ning uchinchi avlod iPhone SE smartfoni bilan yakunlansa, qolgan o'rinlar Xiaomi, Redmi, Huawei va boshqa Samsung smartfonlari bilan yakunlangan.

Yaxshiyamki, hamma smartfonlarni ham ta'mirlash bosh og'riq bo'lmaydi. Masalan, Motorola 2019-yili chiqargan Moto G7 smartfoni Electronics Hub tomonidan ta'mirlash eng oson bo'lgan smartfon deb topilgan. Uni ta'mirlash qo'llanmalarining yarmini bajarish oson va uni ta'mirlash uchun o'rtacha 25 daqiqada ketadi. Quyida ta'mirlanish foiziga ko'ra (vaqtiga emas) ta'mirlash eng oson bo'lgan smartfonlar top o'ntaligi bilan tanishishingiz mumkin.

  1. Motorola Moto G7 (25 daqiqa) – 50%
  2. Samsung Galaxy A40 (32.6 daqiqa) – 42.9%
  3. Samsung Galaxy S22 Ultra (48.1 daqiqa) – 33.3%
  4. iPhone 11 Pro Max (63.2 daqiqa) – 30%
  5. iPhone 13 (67.8 daqiqa) – 25%
  6. Poco M3 (35.6 daqiqa) – 20%
  7. OnePlus Nord 2 5G (44.1 daqiqa) – 20%
  8. iPhone 14 (47.7 daqiqa) – 20%
  9. Poco F3 (51.2 daqiqa) – 20%
  10. iPhone 12 (72.2 daqiqa) – 20%

"Ta'mirlash huquqi" harakatiga bo'ysungan holda Apple o'z smartfonlarini foydalanuvlar tomonidan oson ta'mirlanishi uchun bir necha yil avval "o'z-o'ziga ta'mirlash xizmati"ni yo'lga va kompaniya original qismlar va kerakli asbob-uskunalarni o'zi taqdim qiladi. Ehtimol shu sabab ham uning smartfonlari yuqoridagi "eng oson ta'mirlanadigan smartfonlar" ro'yxatining deyarli yarmini egallab turishibdi.

Shuni yodda tutingki, barcha ta'mirlash ishlari tajribasiz odamlar tomonidan amalga oshirilmasligi kerak. Murakkab ichki tuzilmalar va nozik komponentlar malakali mutaxassislarning tajribasini talab qilishi mumkin. Xavfsizlik har doim ustuvor bo'lishi va agar smartfoningizni o'zingiz ta'mirlashga ikkilanayotgan bo'lsangiz, professionallardan yordam so'raganingiz yaxshiroqdir.