Eng qudratli Android-flagmanlar global reytingida yangi qirol! (Antutu, 2021 yil iyul)

  •   DiMaX
  •  985
  •  11.08.2021 09:32

Eng qudratli Android-flagmanlar global reytingida yangi qirol! (Antutu, 2021 yil iyul)

Biz so‘nggi kunlarda AnTuTu servisining iyul oyiga mansub uchta reytingini e’lon qilganmiz: eng tezkor Android-flagmanlar ro‘yxati, egalari rozi bo‘lgan smartfonlar hamda hamyonbop smartfonlarning eng zo‘rlari reytinglari. Lekin bularning bari benchmarkda faqat xitoylik foydalanuvchilar o‘tkazgan testlarga asoslangan edi.

O‘QING: Snapdragon 888 Plus chipli ilk smartfon – GeekBench rekordchisi AnTuTu’da hafsalani pir qildi

Endi bo‘lsa AnTuTu jamoasi xalqaro bozordagi eng kuchli Android-smartfonlar ro‘yxatini ham taqdim etdi va u xitoycha reytingdan sezilarli farq qiladi. Undagi o‘nta qurilma ham Qualcomm Snapdragon 888 protsessori bazasidagi flagmanlardir.

2021 yilning iyul oyi holatiga ko‘ra AnTuTu global reytingida 820 936 ballik natija bilan iQOO 7 modeli shohsupaga ko‘tarilgan. Holbuki, Vivo kompaniyasining o‘yinbop qurilmalarga asoslangan iQOO brendi yanvarda chiqargan ushbu flagman xitoycha reytingda atigi yettinchi o‘rinda edi!

May oyidagi AnTuTu reytingi g‘olibi – Realme GT bu gal 816 887 ball bilan ikkinchi o‘rinda. Kuchli uchlikka 807 388 ballik ko‘rsatkich bilan Asus ROG Phone 5 yakun yasagan. E’tibor bering – reyting boshidagi uchta qurilma ham aynan mobil o‘yinlarga moslangan smartfonlardir.

O‘QING: «Qurilmalarni qiynovchi» vloger: «2021 yilning eng mustahkam geymerofoni shu ekan!» (video)

Ko‘rib turganingizdek, iyul oyidagi eng qudratli Android-smartfonlar TOP-o‘ntaligiga yana quyidagi modellar kirgan:

  1. OnePlus 9 Pro (798 549 ball)
  2. Xiaomi Mi 11 Ultra (792 702 ball)
  3. Xiaomi Mi 11 (786 183 ball)
  4. Sony Xperia 1 III 5G (785047 ball)
  5. Xiaomi Mi 11i (785 047 ball)
  6. Redmi K40 Pro (777 314 ball)
  7. Galaxy S21 Ultra 5G (772 170 ball)

Ushbu ro‘yxatga eng ko‘p vakillari kirgan ishlab chiqaruvchi esa Xiaomi hisoblanadi – kuchli o‘ntalikda Mi turkumining uchta, Redmi brendining bitta smartfoni mavjud. Qolgan smartfonsozlardan har birining faqatgina bittadan flagmanlari kuchlilar o‘nligiga kirgan.

Yuqoridagi ro‘yxatni shakllantirish uchun 2021 yilning 1–31 iyul kunlari butun dunyodagi foydalanuvchilar tomonidan AnTuTu benchmarkida kamida ming marta tekshirib ko‘rilgan smartfonlarning o‘rtacha (eng yuqori emas) natijalari olingan.

O‘QING: Avgustda chiqayotgan yangi flagman GeekBench’da rekord o‘rnatdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!