Eng qudratli flagmanlar – iPhone 11 Pro hamda iPhone 11 Pro Max bilan tanishamiz! (+video)

  •   DiMaX
  •  15184
  •  11.09.2019 18:57

Eng qudratli flagmanlar – iPhone 11 Pro hamda iPhone 11 Pro Max bilan tanishamiz! (+video)

Kupertinolik texnogigant 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirida o‘zining yangi avlod smartfonlarini taqdim etdi. Ulardan eng arzoni iPhone 11 deb nomlangan bo‘lsa, ikkita flagman model iPhone 11 Pro va iPhone 11 Pro Max deb ataldi.

O‘QING: iPhone 11 – bu yilgi eng arzon ayfonni qarshi olamiz! (+video)

Korpus va displey

Apple iPhone 11 Pro modeli diagonaliga 5,8 dyuymlik, tasvir aniqligi 2436x1125 piksel bo‘lgan Super Retina XDR displey bilan jihozlangan. Undagi OLED-panelning maksimal yorqinligi 1200 kd/m2, konstrastligi esa 2000000:1 birlikni tashkil etadi.

Mazkur smartfon korpusi qayta ishlangan alyuminiydan va, Tim Kuk ta’kidlashicha, ushbu sanoatda qo‘llanganlari orasida eng mustahkam shishadan tayyorlangan. O‘lchamlari 144x71,4x8,1 millimetrni tashkil etadi, vazni esa 188 grammga teng.

iPhone 11 Pro Max undan aytarli farq qilmaydi – o‘lchamlarini aytmasa, albatta. Displey o‘lchami diagonaliga 6,5 dyuymlik, aniqligi 2688x1242 piksellik. Mazkur flagman Apple’ning eng og‘ir smartfonidir – korpus o‘lchamlari 144x71,4x8,1 millimetr bo‘lgani holda, u 226 gramm tosh bosadi.

Ikkala flagman ayfonning qolgan jihatlarini biryo‘la ko‘rib o‘tamiz.

Samaradorlik va avtonomlik

iPhone 11 Pro hamda 11 Pro Max apparat ta’minoti asosida Apple A13 Bionic protsessori yotibdi. 7 nanometrlik texnologik jarayonga asoslangan sakkiz yadroli ushbu chipsetni ishlab chiqishda kompaniya mashinaviy ta’lim texnologiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Neyron mikroprotsessorning samaradorligi soniyasiga 1 trillion operatsiyani tashkil etadi. Apple A13 Bionic chipseti tarkibidagi grafik protsessor bulturgi ajdodiga qaraganda 20 foizga tezkorroq.

Bundan tashqari, operatsion tizimni ham maksimal darajada energiya tejaydigan qilishgan, bunda yangilangan akkumulyatorlarning ham o‘rni bor. Taqdimotda ta’kidlanishicha, iPhone 11 Pro avtonomligi o‘tgan yilgi iPhone XS modeliga qaraganda to‘rt soatga oshiq. iPhone 11 Pro Max esa bitta to‘la quvvat bilan iPhone XS Max flagmanidan besh soatga ko‘p ishlay oladi.

O‘QING: Qaysi iPhone’ning batareyasi qanchalik «baquvvat» – barchasi bitta ro‘yxatda!

Kamera

Flagman ayfonlarning eng ajralib turuvchi (to‘g‘ri va ko‘chma ma’nolarda) qismlaridan biri – uch modulli bosh kamerasidir. Ulardan ikkitasi 12 megapiksellik sensorlarga hamda bittasi keng burchakli (F/1,8), ikkinchisi ultrakeng burchakli (F/2,4) ob’yektivlarga ega. Ularning uchinchi sherigi – F/2,0 aperturali teleob’yektiv bo‘lib, ikki karralik zumni qo‘llab-quvvatlaydi.

Apple bu kameralarning dasturiy ta’minotini ham takomillashtirgan: tungi rejim yaxshilangan, alohida s’yomka qilish funksiyasi qo‘shilgan. Smartfonning samaradorligi esa «osilib» qolishlarsiz kameralarning biridan ikkinchisiga o‘tish imkonini beradi.

Har ikkala flagmanning old kameralari, tegishli datchiklar bilan birga, ekrandagi kemtikka joylangan. Ularning optik sensorlari ham 12 megapiksellik bo‘lib, selfi-kameralar ham sekinlashtirilgan s’yomka funksiyasiga ega.

Quyida iPhone 11 Pro’larga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videorolikni tomosha qilamiz:

Narx-navo

iPhone 11 Pro modeli doimiy xotira hajmiga ko‘ra 64, 256 va 512 gigabaytlik talqinlarda taklif etiladi – ularning narxlari tegishlicha 999, 1149 hamda 1349 dollaridan boshlanadi.

iPhone 11 Pro Max ham xuddi shunday xotirali variantlarda ishlab chiqarilib, mos tarzda 1099, 1249 va 1449 dollarga baholangan.

Har ikkala flagman uchun oldindan buyurtma 13 sentyabrdan boshlab qabul qilinadi, 20 sentyabrdan esa ular ochiq savdoga qo‘yiladi.

Oldingi rusumlardagi iPhone’larni esa 5 650 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlar evaziga Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish imkoni bor.

O‘QING: Apple bug-qidiruvchilarga maxsus iPhone taqdim qilishi mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.