Eng xavfsiz Android-smartfon ma’lum qilindi

Eng xavfsiz Android-smartfon ma’lum qilindi

Axborot texnologiyalari xavfsizligi bo‘yicha taniqli ekspert Gal Benyamini Snapdragon protsessoriga ega Android-smartfonlarning texnik jihatdan kuchsiz jihatlarini aniqlab, jamoatchilikni boxabar qildi. Mutaxassisning tajribasi Duo Labs internet resursida e’lon qilingan.

Muammo nimada?
Ekspertning so‘zlariga qaraganda, mobil aloqa vositasi platformasidagi kichik nosozlik unga osonlik bilan xakerlik hujumini uyutirish, kerakli ma’lumotlarni olish uchun yetarli ekan.

Smartfondagi texnik kamchilik xakerga uning ma’lumotlarni shifrlash tizimini o‘qishga sharoit yaratib beradi. Kamdan-kam ishlab chiqaruvchilargina o‘z mijozlarining xavfsizligini o‘ylab, operatsion tizim yangilanishi bilan birga axborot xavfsizligini ta’minlaydigan mukammal tizimlarni taqdim etadilar.
Misol uchun, 57% Android-smartfon qurilmalarida yuqorida qayd etilgan ojiz jihat mavjud.

Duo Labs taqdim etgan statistikaga ko‘ra, bu jihatdan Samsung va Nexus mobil aloqa vositalari nisbatan himoyalangan tizimga ega ekan. Xususan, 75% Samsung Galaxy S6 va 45% Samsung Galaxy S5 foydalanuvchilari o‘z smartfonlariga xavfsizlik tizimining yangi talqinini yuklab olishgan. Nexus qurilmalarining 75% bu imkoniyatga ega.
Ekspertlar smartfon foydalanuvchilarni gadjetni qo‘lga olishlari bilan unga xavfsizlik tizimini o‘rnatishga chaqiradilar. Ammo, qayd etilganidek, buning uchun smartfon ishlab chiqaruvchisi xavfsizlik tizimini o‘z vaqtida taqdim etishi kerak bo‘ladi. Mobil telefon bozorida Samsung va Nexus, iPhone, BlackBerry kabi qurilmani sotgandan keyin ham mijozni qo‘llab-quvvatlab boradigan kompaniyalar kam. Shu sababli ham, mazkur brendlar mahsulotlari boshqalariga qaraganda bir oz qimmat yuradi.

Mutaxassislarning fikricha, tasdiqlanmagan manbaalarga kirish, xavfli dastur va ilovalarni yuklab olish qurilma uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ishlab chiqaruvchining onlayn do‘koni, ishonchli manbaalardan ilovalarni yuklab olishga odatlaning.