Eng zo‘r Android-flagmanlar reytingiga Redmi K40 hamda K40 Pro ham kirdi, Mi 11 esa yana pastladi! (AnTuTu, 2021 yil fevral)

  •   DiMaX
  •  796
  •  02.03.2021 13:58

Eng zo‘r Android-flagmanlar reytingiga Redmi K40 hamda K40 Pro ham kirdi, Mi 11 esa yana pastladi! (AnTuTu, 2021 yil fevral)

Avvalroq biz 2021 yilning birinchi oyida AnTuTu benchmarkida tekshirib ko‘rilgan eng qudratli o‘nta smartfon reytingini chiqargan edik. Ushbu servis jamoasi yanvarda tekshirib ko‘rilgan o‘rta narxli smartfonlarning ham eng kuchlilarini e’lon qilgandi. Bulardan tashqari...

O‘QING: 2021 yil boshida o‘z narxiga ko‘ra eng zo‘r smartfonlar (AnTuTu’ning beshta reytingi)

AnTuTu endi fevral oyida benchmarkda tekshirib ko‘rilgan eng qudratli Android-smartfonlar o‘ntaligini taqdim etdi. Ro‘yxatni shakllantirish uchun kamida ming marta test qilib ko‘rilgan modellarning eng yuqori emas, balki o‘rtacha natijalari olingan.

Yangi reytingdagi dastlabki to‘rtta pog‘onani Snapdragon 888 protsessori bazasidagi flagmanlar egallagan. Vivo kompaniyasining iQOO brendi tayyorlagan iQOO 7 geymerofoni o‘tgan oyda chiqib olgan taxtidan bu gal ham tushmabdi – 726 939 ball. Xuddi shu kompaniya yaqindagina taqdim etgan kamerofon – Zeiss optikali Vivo X60 Pro+ flagmani esa 726 925 ball bilan birdaniga ikkinchi o‘ringa chiqib olgan.

Xiaomi korporatsiyasining subbrendi kuni kechagina Redmi K40 Pro hamda K40 Pro+ flagmanlarini namoyish qilgan edi. Shulardan birinchisi eng kuchlilar reytingida birato‘la kuchli uchlikka kirgan – 718 434 ball!

O‘QING: Snapdragon 888 chipli eng arzon flagman Geekbench’da: bu sizga Redmi K40 Pro emas!

«Xitoycha Apple»ning asosiy flagmani – Xiaomi Mi 11 esa AnTuTu reytinglarida pastlashda davom etmoqda. O‘tgan yilning so‘nggi reytingida yetakchi bo‘lgan ushbu qurilma bu yilning boshida ikkinchi pog‘onaga tushgan edi. Fevral oyiga kelib esa u 712 366 ballik natija bilan to‘rtinchi o‘rinnigina ola bilgan!

Kuchlilar o‘nligida keyingi pog‘onalar tegishlicha quyidagi smartfonlarga nasib etgan:

  1. Huawei Mate 40 Pro (Kirin 9000 chipli) – 683 919 ball;
  2. Samsung Galaxy S21 Ultra 5G (Snapdragon 888 chipli) – 679 159 ball;
  3. Redmi K40 (Snapdragon 870 chipli) – 668 471 ball;
  4. Oppo Reno 5 Pro+ (Snapdragon 865 chipli) – 667 456 ball;
  5. Redmi K30 Extreme Edition (Snapdragon 865 chipli) – 666 043 ball;
  6. iQOO 5 (Snapdragon 865 chipli) – 661 609 ball.

Ishlab chiqaruvchilar kesimida olib qaraganda, dastlabki ikkita va so‘nggi o‘rinlarni Vivo smartfonlari egallagan. Ro‘yxatda eng ko‘p – to‘rtta pog‘onada esa Xiaomi mahsulotlarini ko‘ramiz. Qolgan uchta o‘rinni bo‘lsa Huawei, Samsung hamda Oppo kompaniyalarining bittadan flagmanlari band etgan.

O‘QING: Egasini rozi qilgan o‘nta Android-smartfon (AnTuTu reytingi, 2021 yil yanvar)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.