Eng zo‘r iPhone ham DxOMark testida ikkita xitoycha flagmanga mag‘lub bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  1197
  •  08.11.2019 14:17

Eng zo‘r iPhone ham DxOMark testida ikkita xitoycha flagmanga mag‘lub bo‘ldi!

Fotokameralarni professional sinovdan o‘tkazishi bilan tanilgan DxOMark kompaniyasini yaxshi bilasiz. Yaqindan beri u qurilmalarning yana bir jihatini testdan o‘tkazishni boshlagan va bu boradagi ilk reytingini e’lon qilganmiz.

O‘QING: 2300 dollarlik smartfonni xitoyliklar 5 daqiqadayoq talashib tugatishdi!

DxOMark negadir yangi ayfonlarning kamerasi tekshiruvi natijalarini uzoq vaqtgacha ma’lum qilmay keldi. Nihoyat, oradan bir yarim oy o‘tgach, uning saytida iPhone 11 Pro Max kamerasi haqida maqola paydo bo‘ldi. Buni qarangki, Apple’ning eng zo‘r smartfoni bu borada 117 ball bilan atigi uchinchi o‘rinni olibdi!

Ko‘rib turibsizki, birinchi va ikkinchi o‘rinlarni Huawei Mate 30 Pro hamda Premium talqinidagi Xiaomi Mi CC9 Pro flagmanlari bir xil – 121 ballik natija bilan zabt etishgan.

O‘QING: Apple endi kelib-kelib Xiaomi’dan nusxa ola boshladi!

DxOMark saytidagi yuqorida ta’kidlangan maqola muallifi iPhone 11 Pro Max kamerasining universalligini maqtagan. Ekspozitsiyalari a’lo darajada, juda yorqin va qorong‘i hududlarda ranglarning keng diapazonini bera oladi. Ranglarning tabiiyligi saqlanadi, ayniqsa – portretlarda.

Shuningdek, yangi – Deep Fusion rejimi ham e’tirof etilgan; u neyrotarmoqlar yordamida suratlarning tafsilotlarini aniqlashtirib beradi. Garchi yaxshi yoritilmagan sharoitlarda detallar o‘ta aniq bo‘lmasa-da, iPhone XS modellaridagiga ko‘ra uning kamerasi ancha takomillashtirilgan.

Shu bilan birga, iPhone 11 Pro Max kamerasida nuqsonlar ham mavjud. Masalan, orqa fonni xiralashtirib ko‘rsatish – boke effektini dasturiy ta’minot darajasida yaxshi bajara olmaydi. Smartfon kishini suratga olayotib, uning tasviri chegaralarini hamisha ham aniq ajratolmaydi, xususan, sochlar misolida bu muammo yaqqol ko‘rinib qoladi:

Maqolada yana iPhone 11 Pro Max teleob’yektivining raqiblaridan qolishganini ta’kidlangan – u atigi ikki karralik zumga ega, Xiaomi va Huawei esa naq besh karra yaqinlashtirib bera oladi! Shunday bo‘lsa-da, Apple flagmani kamerasida keng burchakli ob’yektivga ega modul yaxshi – u yaxshi dinamik diapazon va ranglar uzatilishini ta’minlaydi, biroq sifatiga ko‘ra asosiy datchikdan yaxshi emas.

Xullasi kalom, kupertinoliklar iPhone 11 Pro Max kamerasini yangi darajaga olib chiqishgan, lekin ayrim jihatlariga ko‘ra u baribir xitoylik raqiblaridan mag‘lub bo‘lgan. Oradagi farq unchalik katta emas va oddiy foydalanuvchilarga sezilmaydi ham, faqat mutaxassislargina ajrata olishlari mumkin.

O‘QING: Kadr ortida: taniqli fotografdan onlayn mashhurlik sirlari (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!