Yer yuzidagi eng tezkor smartfonlar (AnTuTu global reytingi, 2020 yil may)

  •   DiMaX
  •  3756
  •  06.06.2020 13:24

Yer yuzidagi eng tezkor smartfonlar (AnTuTu global reytingi, 2020 yil may)

Kuni kecha AnTuTu jamoasi Xitoydagi foydalanuvchilarning benchmarkdagi tekshiruvlariga ko‘ra may oyidagi eng qudratli smartfonlar reytingini chiqargandi. Endi esa butun jahon bo‘yicha mazkur servisda sinab ko‘rilgan flagmanlar orasidan eng zo‘rlari ham aniqlandi.

O‘QING: To‘rt yil avvalgi smartfon barcha iPhone va iPad’lardan ustun keldi! (AnTuTu reytingi, 2020 yil may)

Apreldagi global reyting yetakchisi – Mi 10 Pro bu gal ham uloqni qo‘ldan chiqarmadi – 590 838 ball. Xiaomi korporatsiyasi ikkinchi o‘rinni ham begona qilmagan – uning arzonchi brendiga mansub Redmi K30 Pro flagmani 586 004 ballik natija ko‘rsatgan. OnePlus 8 Pro modeli 581 794 ball bilan uchinchi o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa, to‘rtinchi pog‘onada 574 229 ball bilan yana «Xitoycha Apple» vakili – Xiaomi Mi 10 modeli turibdi.

Reyting cho‘qqisidagi to‘rtta o‘rinni Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 865 platformasi bazasidagi smartfonlar egallagan bo‘lsa, keyingi ikkita pog‘onada Exynos 990 protsessorli modellarni ko‘ramiz: Galaxy S20 Ultra 5G (519 975 ball) va Samsung S20+ 5G (513 185 ball). Eslatib o‘tamiz, mart oyidagi global reytingda dastlabki to‘rtta o‘rinni faqatgina Samsung flagmanlari zabt etgan edi.

May oyidagi eng zo‘r smartfonlar o‘ntaligida oxirgi uchta pog‘onada Asus ROG Phone 2 (510 146 ball), Samsung Galaxy S20+ (506 240 ball), Realme X2 Pro (500 573 ball) hamda Samsung Galaxy S20 5G (500 503 ball) turibdi.

Shu tariqa, may oyi reytingida janubiy koreyaliklarning to‘rtta, Xiaomi’ning uchta flagmani bo‘lsa, Realme, OnePlus hamda ASUS kompaniyalarining bittadan smartfonlari bor. E’tiborli jihati – dunyodagi ikkinchi raqamli smartfonsoz – Huawei korporatsiyasining birorta ham modeli bu gal kuchlilar safiga kirmagan!

O‘QING: Android 11’gacha birinchi to‘lqinda yangilanuvchi 129 ta smartfon ro‘yxati chiqdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!