Eski Samsung smartfonlari batareyasida jiddiy muammo kuzatilmoqda

Eski Samsung smartfonlari batareyasida jiddiy muammo kuzatilmoqda

Batareyaning ishib ketishi va portlashi kabi holat Samsung uchun begona holat emas. Kompaniyaning 2016-yilda chiqarilgan Galaxy Note 7 smartfonlarining nuqsonli batareya sabab portlab ketishi kompaniyaning ancha obro'sini to'kkan edi. Bu Samsung uchun yetarli dars bo'lgan edi, ammo kompaniya batareya bilan bog'liq muammolardan to'liq qutulmagan ko'rinadi.

Mrwhosetheboss taxallusi bilan tanilgan YouTuber, Arun Maini o'zining smartfonlar kolleksiyasida Samsung Galaxy'lari bilan bog'liq noodatiy hodisani payqab qoldi: smartfonlar batareyasi shu darajada shishib ketganki, telefonning orqa qopqog'ini chiqarib yuborgan. Bunday voqealar ko'pincha eski telefonlar bilan sodir bo'lishi ehtimoli yo'q emas, biroq Arun holatida Galaxy S6 (2015), Galaxy Note 8 (2017), Galaxy S10 (2019) bilan birga 2 yil avvalgi Galaxy S20 FE va hatto Galaxy Z Fold 2 batareyasi ham balonday ishib ketgan. Ta'kidlash joizki, kolleksiyadagi boshqa brend smartfonlarining birontasida ham bunday hodisa kuzatilmagan, vaholanki, barcha smartfonlar bir xil haroratda saqlanadi.

Ma'lum bo'lishicha, Mrwhosetheboss bunday muammoga duch kelgan yagona bloger emas. Smartfonlar kolleksiyasiga ega yana bir YouTuber, This Is kanali egasi Matt Ansini ham o'zining ayrim Galaxy smartfonlari batareyalari shishib ketganini xabar qilgan. Shuningdek, Arun o'zining hamkasbi MKBHD'dan so'raganida u ham o'zining eski Galaxy'lari bilan shunday muammo yuzaga kelayotganini ma'lum qilgan.

Arun yana bir taniqli YouTuber, JerryRigEverything bilan bog'langanida, u smartfon batareyasiga haqida ayrim ma'lumotlarni ochiqlagan. Uning aytishicha, batareyalardagi aylana strelka orasiga yozilgan 5 soni batareya shuncha yilda shishib ketish kabi muammolari bo'lmasligini anglatadi. Ammo, Arundagi muammoli Galaxy'larning ko'pchiligiga hali besh yil ham bo'lmagan.   

Arun smartfonlar bilan bog'liq muammoni iyul oyi oxirlarida payqagan va bu haqida o'zining Twitter sahifasida xabar qoldirgan. Shundan keyin Samsung xodimlari u bilan bog'lanishga va bunday holatlarga kompaniya jiddiy qarashini aytib, batareyasi bilan bog'liq muammosi bor smartfonlarni labaratoriyada tekshirish uchun olib ketishlarini ma'lum qilishgan. YouTuber oradan 50 kun o'tsa ham kompaniyadan haligacha darak yo'qligi aytadi.

Aytish kerakki, lityum batareyalar eskirgani sari noto'g'ri kimyoviy reaktsiyalari batareya hujayralarini shishiradigan va yong'in xavfini oshiradigan gaz hosil qilishi mumkin. Bu ko'pincha batareyani ko'p vaqt quvvatlashda yoki quvvatsiz qoldirganda sodir bo'ladi. Shu sabab Apple kabi kompaniyalar agar smartfonni uzoq vaqt ishlatmaydigan bo'lsangiz uning batareyasini 50% holatida qoldirish kerakligini maslahat berishadi.

O'QING: 7,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega smartfon taqdim etildi