Eski va zaif kompyuterlar uchun 1,44 MBlik floppi-diskka ham sig‘adigan operatsion tizim yaratildi!

  •   DiMaX
  •  665
  •  25.05.2021 12:03

Eski va zaif kompyuterlar uchun 1,44 MBlik floppi-diskka ham sig‘adigan operatsion tizim yaratildi!

Kshishtof Kristian Yankovski ismli polshalik dasturchi o‘ta ixcham hajmli original Linux jamlanmasini ishlab chiqdi. Floppinux nomini olgan bu distributiv texnik xususiyatlari past, eskirgan kompyuterlarda qo‘llashga mo‘ljallangan.

O‘QING: Bill Geyts qovun tushirdi: qaysi mobil operatsion tizimni yaxshi ko‘rishini boshqa tizimli qurilmasida aytdi!

Shu turdagi boshqa distributivlardan farqli ravishda, Floppinux zamonaviy – 2021 yilning 16 mayida chiqqan 5.13.0-rc2 raqamli Linux yadrosi asosida tayyorlangan. U imkon qadar minimal darajaga tushirilgan kodlar termasiga ega, TTY tizimostini, printk funksiyasini, ELF fayllar formatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda RAM-disklar bilan ishlay oladi. Jamlanma tarkibiga operatsion tizim bilan bazaviy darajada o‘zaro ta’sirlashish uchun eng zarur bo‘lgan utilitalar, ash buyruq qobig‘i hamda boshqa foydali jihozlar kirgan.

Distributiv ijodkorining so‘zlariga ko‘ra, bunday Linux versiyasi hattoki Intel 80486DX protsessorida ham ishlay oladi. Bunda tizimning to‘g‘ri faoliyati uchun atigi 24 megabaytlik tezkor xotira kifoya qiladi. Zamonaviy kompyuterlarda floppi-diskovod yo‘q; bunday qurilmalarda Floppinux distributivini QEMU emulyatori orqali ham ishga tushirsa bo‘ladi.

Dasturchi allaqachon Floppinux hujjatlarini va x86-tizimlar uchun tayyor obrazini e’lon qilgan. Bundan tashqari, Yankovski disketalarda chiqariluvchi Nomad Diskmag nomli o‘z jurnaliga ham asos solmoqchi ekanini aytgan. Ushbu original nashrning har bir sonini tegishli diskovodi mavjud bo‘lgan har qanday kompyuterda o‘qish mumkin bo‘ladi.

Darvoqe, «Oxirzamon kompyuteri» hamda «Oxirzamon operatsion tizimi» haqidagi ma’lumotlardan xabaringiz bormidi?

O‘QING: Atigi 188 dollarlik mini-kompyuter Windows, Linux va Arduino bilan ishlay oladi! (+video)