Essential Phone o‘z narxidan $200 dollarga arzonlashdi

Essential Phone o‘z narxidan $200 dollarga arzonlashdi

Android operatsion tizimining asoschisi bo‘lgan Endi Rubin boshchiligidagi Essential kompaniyasi may oyi oxirlarida ilk smartfoni — Essential Phone’ni taqdim qilgan edi. Smartfon avgust boshida AQShdagi onlayn yetkazib beruvchilarning saytlarida paydo bo‘ldi. Savdogarlar uning boshlang‘ich talqini uchun $699,99, yuqori talqini uchun $749,99 dollargacha so‘rashayotgan edi.

Essential kompaniyasi o‘zining "premium" turkumiga xos ilk smartfonini arzonlashtirishda davom etmoqda. Ayni paytda rasmiy veb-sahifada bu flagman $499 dollarga baholangan.

TechCrunch blogi bilan suhbatda Rubin o‘z mahsuloti auditoriyasini kengaytirish uchun ham shunday qarorga kelganini ma’lum qilgan. Bu esa flagman smartfonlar bozorida Apple va Samsung'ga qarshi kurashda g‘olib bo‘lishning asosiy usullaridan biri. Bugungi kunga qadar kompaniya 5 000 dona smartfon sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Essential Phone ekrani ikki yonida romdan xoli va uning yuqorisidan o‘rin olgan old kamera ham ekran bilan uyg‘unlashib ketgan. Old panel quyisidagi ekran hoshiyasi ham yupqa. Bu esa old panelning dizaynini ochgan. Smartfon korpusi bugungi zamonaviy smartfonlar kabi alyuminiydan emas, titan va keramikadan tayyorlangan.

Essential Phone displeyining diagonali 5,7 dyuym bo‘lib, uning piksellar sig‘imi QHD, ya’ni 2560×1312 pikselli. Essential Phone uchun ham 2017 yilning mobil flagman protsessori bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 835 protsessori tanlangan. Uning operativ xotira sig‘imi 4 GB, doimiy xotirasi esa 128 gigabaytli. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3040 mA soat.

Uning bosh foto-moduli uchun 2 ta, har biri 13 megapikselli kameralar o‘rnatilgan. Ulardan biri oq-qora diapazonda suratga olishi bilan o‘ziga xos. Old datchik esa 8 megapikselli.