Evan Bless Samsung Galaxy Note 8'ning rasmiy suratini e’lon qildi

Evan Bless Samsung Galaxy Note 8'ning rasmiy suratini e’lon qildi

Samsung Galaxy Note 8 smartfoni rasman 23 avgustda taqdim qilinishi ma’lum bo‘lgan. Biroq, hozirgacha uning dizayni va tashqi ko‘rinishi sir saqlab kelinayotgan edi. Taniqli insayder Evan Bless (@evleaks) Samsung Galaxy Note 8'ning ilk rasmiy suratlarini e’lon qildi.

Avvaliga Evan Bless Galaxy Note 8'ning Midnight Black talqinida ishlangan tim qora rangli korpusdagi smartfonning old panelini e’lon qildi. Oradan bir soat o‘tib e’lon qilingan navbatdagi suratda Galaxy Note 8 fabletining barcha tomonlari aks etgan. Shuningdek, bu suratda qadoqdan o‘rin oladigan S-Pen perosi ham mavjud.

Ko‘rinib turibdiki, Samsung Galaxy Note 8 dizayn yechimiga ko‘ra, Samsung Galaxy S8'ni eslatib yuboradi va nozik romli Infinity Display ekraniga ega bo‘ladi. Shuningdek, suratdagi fabletda romlar yanada yupqa va fabletning burchaklari va qirralari yanada qayrilma. Orqa paneldagi bosh kamera datchiklari, oraliq-masofa datchigi va ko‘z pardasi skaneri joylashuviga ko‘ra, Galaxy S8'niki bilan bir xil.

Hozirgacha ma’lum xabarlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 8 ekrani "ajdodlari"ga nisbatan yirik bo‘lib — diagonali 6,3 dyuymli displey bilan ta’minlanadi. Galaxy S8 kabi, yangi gadjet uchun Infinity Display ekran dizayni tanlanadi va uning tomonlar nisbati ham 18.5:9 hajmli, Super AMOLED matritsali ekranning piksellar sig‘imi Quad HD+ (2960 x 1440 belgi) bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!