Facebook At Work’ning “Work Chat” messenjeri ishga tushirildi

Facebook At Work’ning “Work Chat” messenjeri ishga tushirildi

Joriy yilning yanvar oyida Facebook muassasalar, kompaniya va xususiy biznes vakillariga o‘zaro axborot almashish imkonini beruvchi Facebook at Work korporativ ilovasini sinov tariqasida ishga tushirgan edi.

Endi esa ilovaga Work Chat messenjeri qo‘shimcha qilindi. Uning yordamida hamkasblar o‘zaro yoki guruh suhbatlarida xabar, surat, video tasvirlar va stikerlar almashishlari, dunyoning xohlagan nuqtasiga bepul ovozli xabarlarni yuborishlari, loyihalarni muhokama qilishlari, fikr almashishlari mumkin. Ekspertlar tomonidan ushbu xizmat o‘z raqobatchilari orasida Messenger’ga ko‘proq o‘xshab ketishi aytilmoqda.

Ilova 26 noyabr kuni Google Play internet do‘koniga qo‘yilgan. Ammo uni hozircha Facebook At Work foydalanuvchilari ishlata oladilar. Facebook’ning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda dasturiy mahsulotning Android talqini mavjud va ilovaning iOS operatsion tizimlariga mo‘ljallangan varianti tez orada taqdim qilinadi.

Facebook at Work ilovasi frimium biznes modeliga asosan faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni, bir vaqtning o‘zida uning bepul shakli va pullik asosda ishlaydigan to‘liq varianti mavjud bo‘ladi. Uning tijorat variantini yil oxiriga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bu tarmoqda tijorat reklamalari bo‘lmaydi va uning tijorat talqinida muassasa xodimlarining faoliyatiga oid ma’lumotlar saqlab qolinmaydi. Xodimlarning tijorat tarmog‘idagi kasbiy sahifalari an’anaviy ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalaridan ajralib turadi va bir-biriga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Facebook tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, bugun uning platformasidan 300 dan ziyod kompaniyalar – kichik start-ap loyihalardan tortib, yirik biznes vakillari o‘z faoliyatlarini takomillashtirish vositasi sifatida foydalanishmoqda.

Ulardan eng nufuzli va yirigi hisoblangan Shotlandiyaning Royal Bank of Scotland banki 2016 yilning martiga qadar 30 ming, yil so‘nggiga qadar jami, 100 ming nafar xodimlarining elektron faoliyatlarini Facebook at Work ilovasi negizida tashkil etishni reja qilganini aytgan.

Korporativ messenjerlar orasida 2013 yilda ishga tushirilgan Slack ilovasi ommabop va keng tarqalgan hisoblanadi. Kompaniyaning aytishicha, ayni paytda ilovaning kunlik foydalanuvchilari soni 1.7 millionga yetgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!