Facebook dasturchilar konferensiyasi bekor qilindi

Facebook dasturchilar konferensiyasi bekor qilindi

Koronavirus allaqachon Xitoy iqtisodiyotiga katta zarar yetkazib ulgurdi, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlari ham bundan aziyat chekishi mumkin.

Virusli epidemiya turli ommaviy tadbirlar va sport musobaqalari jadvaliga majburiy o‘zgartirish kiritdi. Kasallikning tarqalib ketishidan saqlanish maqsadida MWC 2020 o‘tkazilmadi. Xuddi shu sababga ko‘ra, Facebook ham F8 2020 dasturchilar konferensiyasini bekor qildi. U 5-6 may kunlari San-Xose shahrida o‘tkazilishi kerak edi.

Kompaniya e’lon qilgan press-relizda bu qarorni qabul qilish og‘ir ekanligi va konferensiyaning Facebook uchun juda muhimligi ta’kidlangan. Chunki, konferensiya butun dunyodagi dasturchilar va foydalanuvchilarga minnatdorchilik bildirishning usullaridan biri.

Ammo, hozirgi sharoitda xodimlar, mijozlar va boshqa tadbirga jalb qilinganlarning sog‘ligi va xavfsizligi birinchi o‘rinda. Shunday bo‘lsa-da, Facebook bir nechta mahalliy uchrashuvlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqda, ularni o‘tkazish grafigi va mavzulari esa keyinroq e’lon qilinadi.

Shuningdek, Apple ham WWDC2020 tadbirini bekor qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi va buning ehtimoli anchagina yuqori. Keyingi bir-ikki oy ichida virus chekinmasligiga ishonish uchun esa yetarligina asoslar mavjud. Virus avj olgan paytda Apple'ning ko‘plab odamlar qatnashadigan tadbirni o‘tkazishi ehtimoli esa haqiqatdan ancha uzoqdir.

O‘QING: Ekspert aniqlik kiritdi: «mikrovolnovka» va smartfon – saratonga sababmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!