Facebook foydalanuvchilardan o‘z yalang‘och rasmlarini jo‘natishlarini so‘rayapti!

  •   DiMaX
  •  8803
  •  13.11.2017 14:29

Facebook foydalanuvchilardan o‘z yalang‘och rasmlarini jo‘natishlarini so‘rayapti!

Ha, noto‘g‘ri o‘qimadingiz – ijtimoiy tarmoq o‘z foydalanuvchilariga, o‘zlarining yalang‘och holida tushgan suratlarini yuborishlarini so‘rab xabar yuboryapti. Ammo bu «yaxshi maqsadda» amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi SlashGear nashri.

Gap shundaki, ayrimlar boshqa birovning shunday suratini qo‘lga kiritib, o‘zining ruxsatisiz internetga chiqarib yuborish hollari ko‘p kuzatiladi. Ko‘pincha juftliklar ajrashishdan keyin alamdan shunaqa ishlarga qo‘l urishadi, deyiladi xabarda. G‘arbda hatto bu holat uchun alohida «porno-qasos» (inglizchada – revenge porn) degan atama ham qabul qilingan.

Facebook kompaniyasi o‘z ijtimoiy tarmog‘ining, shuningdek, Facebook Messenger va Instagram’ning foydalanuvchilarini «porno-qasos»dan himoyalash uchun yangicha yo‘l tutishga qaror qilgan. Buning uchun foydalanuvchi o‘zining yalang‘och holatda tushgan suratini Facebook Messenger orqali o‘z-o‘ziga jo‘natishi so‘ralmoqda.

Mazkur dasturning ishlash tartibi bunaqa: foydalanuvchi o‘zining rasmini o‘ziga yuborganida, tizimda xeshlashtirish amalga oshiriladi. Bu suratlar hech kimga ko‘rsatilmaydi, balki faqat sun’iy idrok tizimigina uni ko‘rib, xesh-miqdorlarni saqlab qo‘yadi.

Xesh-miqdorlar haqida mana bu maqolamizdan qisqacha ma’lumot olish mumkin: Xakerlar qanday kompyuter va operatsion tizimdan foydalanishadi?

Xullas, tizimda surat xesh-miqdorlari bazasi yaratilib, ular saqlab qo‘yiladi. Keyinchalik xuddi shu suratni kimdir Facebook, Facebook Messenger yoki Instagram orqali ommaga e’lon qilmoqchi bo‘lsa, tizim uning xesh-miqdorlarini o‘z bazasidagi ma’lumotlar bilan taqqoslaydi. Ularning bir xilligini aniqlab, bu suratning e’lon qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ya’ni, Facebook suratlarning faqat xesh-miqdorlarinigina saqlab qo‘yadi, demak, yuborilgan rasmlarning birovlar tomonidan o‘g‘irlanib, internetga chiqarib yuborilishi ehtimoli yo‘q, deyiladi xabarda.

«Terabayt.Uz» sayti esa sizga, «porno-qasos»larga yo‘l qo‘ymaslik uchun bunaqa rasmga umuman tushmay qo‘yaqolishni tavsiya etadi.

O‘QING: Farzandingiz suratini internetga joylamang!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.