Facebook foydalanuvchilari ma’lumotlari bilan birga, Mark Sukerbergning telefon raqami ham tarqalib ketdi!

  •   DiMaX
  •  668
  •  05.04.2021 12:03

Facebook foydalanuvchilari ma’lumotlari bilan birga, Mark Sukerbergning telefon raqami ham tarqalib ketdi!

Tarmoqda kuzatilgan keng ko‘lamli ma’lumotlar oshkor bo‘lishi natijasida Facebook asoschisi Mark Sukerbergning telefon raqami va boshqa ma’lumotlari ijtimoiy tarmoqning boshqa foydalanuvchilariga tegishli 533 million shaxsiy ma’lumotlar bilan birga tarmoqqa chiqib ketdi. Bu haqda Daryo nashri xabar bermoqda.

O‘QING: Facebook asoschisi haqida qiziqarli 10 ta fakt

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining birlashtirilgan ma’lumotlar bazasida uning yaratuvchisi haqida ham ma’lumotlar mavjud, dedi Amerikaning Synack kompyuter xavfsizligini ta’minlash kompaniyasi xodimi, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Deyv Uoker. «Qizig‘i shundaki, Mark Sukerbergning ma’lumotlari ham tarmoqqa chiqib ketdi. Agar jurnalistlar Facebook’dan izoh ololmasa, shunchaki unga tarmoqqa chiqib ketgan raqam orqali qo‘ng‘iroq qilishi mumkin», — deb yozgan Uoker.

Nashrning xabar berishicha, Sukerbergning foydalanuvchi identifikatori, uning telefon raqami, manzili, nikohi haqidagi ma’lumotlari ochiq manba sifatida mavjud bo‘lib turibdi. Shuningdek, tarqalgan bazada yana ikki nafar ta’sischi — Kris Xyuz va Dastin Moskovitsning ma’lumotlari ham bor.

3 aprel kuni mutaxassislar Facebook foydalanuvchilariga tegishli 500 milliondan ortiq ma’lumotlarning global tarqalishi haqida xabar berdi. Xakerlik forumlaridan birida ma’lumotlar bazasi ochiq manbaga aylantirilgan. Unda 106 ta mamlakat foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari bo‘lgan.

Aksariyat hollarda telefon raqamlari, Facebook tarmog‘ining shaxsiy identifikatorlari, to‘liq ismlar, tug‘ilgan sanalar, tarjimai hollar, ba’zi hollarda esa elektron pochta manzillari kabi ma’lumotlar oshkor bo‘lgan.

Ma’lumotlar bazasida eng ko‘p Misr (44 million), Tunis (39 million), Italiya (35 million), AQSh (32 million) va Saudiya Arabistoni (28 million) mamlakatlari foydalanuvchilari bor. Shuningdek, tarmoqqa 10 millionga yaqin rossiyalik foydalanuvchilarning ma’lumotlari ham chiqib ketgan.

O‘QING: Texnologiya haqida siz bilgan va bilmagan 10 ta fakt (4-qism)

Hudson Rock kompaniyasining direktori Aaron Gal birinchi ma’lumot tarqalishining aniqlanishi haqida gapirar ekan, yanvar oyida bo‘lib o‘tgan xakerlar forumida ishtirokchilardan biri Facebook foydalanuvchisining telefon raqamini ozgina to‘lov evaziga olish imkonini beruvchi Telegram botini reklama qilganini aytdi. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, ma’lumotlar tarqalishi ushbu bot sababli yuzaga kelgan va bu kelajakda kiberjinoyatning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Avvalroq Sukerberg internetni isloh qilishni taklif etgan edi. Sukerbergning fikriga ko‘ra, texnologik platformalar o‘zining algoritmi tarkibiga kirmaydigan kontentlarning istalgan qismi uchun javob berishga majbur bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, «Chegarasiz muxbirlar» xalqaro nodavlat tashkiloti Facebook ustidan ijtimoiy tarmoqni «chalg‘ituvchi tijorat amaliyoti»dan foydalanishda ayblab sudga shikoyat kiritdi. Tashkilot vakillarining arizada ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoq o‘z foydalanuvchilariga «xavfsiz, ishonchli va xatolardan holi» onlayn muhit va’da qilgan, lekin buning o‘rniga Facebook’da ksenofobik va soxta postlar keng tarqalmoqda.

O‘QING: Prezident xalqqa o‘z Telegram va WhatsApp raqamlarini berdi: «Meni ham guruhingizga qo‘shib qo‘ying!»

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.