Facebook, Google, Twitter, Instagram va boshqa servislarni shubhali «ishonilgan» ilovalardan tozalang

  •   DiMaX
  •  975
  •  28.04.2017 17:55

Facebook, Google, Twitter, Instagram va boshqa servislarni shubhali «ishonilgan» ilovalardan tozalang

Yaqinda The New York Times yirik surishtiruv o‘tkazib, Uber kompaniyasi o‘z raqobatchilari haqidagi ma’lumotlarni qanday to‘plashiga aniqlik kiritdi.  Jurnalistlar aniqlagan faktlar orasida shu ham bor ekanki, Uber xodimlari foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni bepul Unroll.me servisidan sotib olishar ekan.

Unroll.me aslida Gmail pochta akkauntidagi keraksiz xatlar va spamlardan avtomatik tarzda qutulishga imkon beruvchi servis hisoblanadi. U mutlaqo bepul ishlaydi, ammo foydalanuvchilarni zimdan kuzatib yurib, ular haqidagi ma’lumotlarni boshqa kompaniyalarga sotadi. Agarda shu tinib-tinchimagan jurnalistlar Uber xususidagi mojaroli faktlarni kavlashtirishmaganida, Unroll.me shu ishni davom ettirayotgan bo‘lardi.

Bemalol taxmin qilish mumkin – bu borada Unroll.me yolg‘iz emas. Internetda o‘z xizmatini bepul taklif etib, evaziga Google, Facebook yoki Twitter orqali kirishni taklif etuvchi ilovalar talaygina. Xo‘sh, xizmati tekin bo‘lsa, ular nima evaziga kun ko‘radi? Ularning biznes-modeli qanaqa o‘zi? Balki, ular ham ma’lumotlarimizni savdoga chiqarishar?

Shu bois ham sizga tezlik bilan o‘z akkauntlaringizda tekshiruv o‘tkazib, xavfsizligi shubhali bo‘lgan ilovalarni o‘chirib tashlashni tavsiya etamiz.

Qani, ketdikmi?

Google

Mazkur tizimdagi akkauntingizni shubhali ilovalardan tozalash uchun, unga bog‘langan ilovalarni ko‘rsatuvchi «Prilojeniya, svyazannie s akkauntom» bo‘limiga kirishingiz kerak. U esa quyidagi manzilda joylashgan: «Moy akkaunt» → «Bezopasnost i vxod» → «Svyazannie prilojeniya i sayti». Undagi keraksiz ilovaning nomi ustiga bosing, keyin esa o‘chirish uchun «Udalit» tugmachasini bosasiz.

Facebook

Sozlamalarda o‘zingiz avtorizatsiyadan o‘tgan barcha ilovalar keltirilgan bo‘lim bor, unga quyidagi yo‘l orqali kirasiz: «Nastroyki» → «Prilojeniya» → «Pokazat vse». O‘chirish kerak bo‘lgan ilova ustiga sichqoncha ko‘rsatkichini olib boring va X belgichasi ustiga bosing. Bilasizki, Facebook har gal biror amalni bajarishga buyruq berganimizda tasdiqlashni so‘raydi. Shu bois mazkur qaroringiz qat’iy ekanini yana bir marta tasdiqlab yuborasiz.

Microsoft

Microsoft akkauntingizda ilovalar sahifasiga mana bu yo‘l bilan kirasiz: «Uchyotnaya zapis» → «Konfidensialnost» → «Prilojeniya i slujbi». Shu yerdagi ortiqcha ilovaning nomi yonida joylashgan «Izmenit» tugmachasini bosing. Keyin esa uni o‘chirib tashlash uchun «Udalit eti razresheniya»ni tanlang.

Twitter

Bu tarmoqda bizga kerakli sahifaga kirish uchun o‘z avataringiz ustiga bosing, keyin esa «Nastroyki i bezopasnost» → «Prilojeniya» bandini tanlang. Ro‘yxatdagi har bir unsur yonida «Zakrit dostup» tugmachasi bor. O‘shaning ustiga bosib, mazkur ilovadan qutulasiz.

Instagram

Bu servisda ham ulangan ilovalarni boshqarish sahifasi mavjud va u mana bu yerda joylashgan. Undagi o‘chirish kerak bo‘lgan ilovadagi  «Otmenit dostup» tugmachasini bosing – olam guliston!

Dropbox

Dropbox servisiga biz odatda, o‘z ma’lumotlarini saqlash uchun mazkur «bulutli» xizmatni ishlatadigan dasturlarni ulaymiz. Agarda siz shular ro‘yxatida eskirgan yoki endilikda o‘zingiz ishlatmayotgan elementlarni ko‘rsangiz, ularni o‘chirib tashlang. Buni mana bu manzil orqali amalga oshirasiz.

Agarda siz internetda faol foydalanuvchi bo‘lsangiz, yuqoridagi ko‘rsatilgan manzillarda endilikda kerak bo‘lmay qolgan o‘nlab, balki hatto yuzlab dasturlarni topasiz. Ulardan qutulishga ozroq vaqt ajratsangiz, o‘z ma’lumotlaringizning xavfsizligini oshirasiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!