Facebook haqida 12 qiziq fakt

Facebook haqida 12 qiziq fakt

Facebook, so‘zsiz, eng ommabop ijtimoiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Tarmoq qarindoshlar va yaqinlaringiz bilan qachon va qayerda bo‘lmasin aloqada bo‘lishingizga imkon yaratadi. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, XXI asrda "Facebook" degan nomni eshitmagan inson bo‘lmasa kerak. Biroq u haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni-chi? Ularni eshitganmisiz? Yo‘qmi? Unda biz sizni Facebook haqidagi eng qiziqarli faktlar bilan tanishtiramiz. Darvoqe, maqolani Facebook'ingizda ulashishni unutmang.

1. Garvard TTJsida dunyoga kelgan

Marz Sukerberg Facebook'ni Garvard TTJsida yaratgan

 

Facebook'dan oldin Mark Sukerberg FaceMash'ni yaratgan. 2003-yil iyul oyida asos solingan FaceMash ikkita rasmni yonma-yon qo‘yib, foydalanuvchidan ulardan qaysi biri “chiroyliroq“ ekanligini so‘ragan. Bu Garvard o‘quvchilari uchun o‘yin sifatida yaratilgan. Internetda paydo bo‘lishining dastlabki to‘rt soatida saytga 500 nafar foydalanuvchi tashrif buyurgan. Oradan bir necha oy o‘tib, 2004-yil FaceMash TheFacebook'ka aylantirilgan.

2. Nega ko‘k?

Facebook nega boshqa rangda emas, aynan ko‘k rangda? Bu shunchaki tasodifan qilingan tanlov emas, buning ortida o‘ziga xos sabab bor. Mark Sukerberg qizil va yashil ranglarni ajrata olmaydi. Ko‘k rangni esa aniq farqlay oladi. Aynan mana shu sababdan Facebook'ni ko‘k rangda yaratgan.


3. Kunlik millionlar

Facebook'ning faol foydalanuvchilari soni 350 milliondan ortiq. Mana shundan, 35 mln dan ortig‘i o‘z statusini har kuni yangilaydi, saytga kuniga 55 mln yangi status joylanadi. Rasmlarga kelsak, saytdagi bir oylik rasmlar yuklanmasi soni 2,5 mlrd ga teng.


4. Narxi milliardlarga teng

2004 -yil 4-fevralda TheFacebook nomi bilan faoliyat boshlagan Facebook shunchalik ommalashib ketdiki, o‘z egasini 23 yoshiga qadar milliarderga aylantirdi. Kun kelib universitet talabasi milliarderga aylanib qolishini kim ham bilibdi dersiz. 2018-yilda kompaniyaning operatsion daromadi 24,913 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan.

5. Facebook'dagi ilk “face“

Amerikalik taniqli aktyor Al Pachino Facebook'ning ilk “face“i (ingl. yuz; Facebook so‘zma-so‘z tarjimada “yuz kitobi“ bo‘ladi). Saytda bir erkakning yuzi ikkilik kod belgilari ortida xira tasvirlangan ilk rasm paydo bo‘lgan. Undan bu shaxs kim ekanligini bilib olish qiyin bo‘lgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu aktyor Al Puchino bo‘lgan.

6. Do‘stlik kuni bilan!

2004-yil 4-fevral Facebook millionlab do‘stlarni bir-biriga bog‘lagani uchun bu sana tarmoqda Do‘stlik kuni sanaladi.

7. “Like“ning tug‘ilishi

Facebook muxandislaridan Endryu Bosvort va boshqalar “Awesome“ (ingl. zo‘r, ajoyib) tugmasini yaratmoqchi bo‘lgan, biroq Sukerberg “Awesome“ o‘rniga “Like“ni taklif qilgan. Bu bir ovozdan ma’qullangan va sevimli konentga “Like“ bosish imkoni yaratilgan.

8. Facebook bir davlat bo‘lganda...

Agar Facebook bir davlat bo‘lganda, uning aholisi soni (2,410,000,000) Xitoy, AQSh va Braziliya fuqarolarini qo‘shib hisoblangandan (1,922,500,000) ko‘proq bo‘lgan bo‘lardi.

9. Facebook qayerlarda bloklangan?

Ko‘plab davlatlar, jumladan, Xitoy (Gongkong va Makaudan tashqari), Eron va Shimoliy Koreyada Facebook o‘chirib qo‘-yilgan. Shundan Shimoliy Koreyada ko‘pchilikda internetga kirish imkoni bo‘lmaganini inobatga olib, Xitoy va Eronni ijtimoiy tarmoqni doimiy bloklagan davlatlar qatoriga kiritish mumkin. Bundan tashqari, ma’lum sabablarga ko‘ra, Facebook bir qancha muddat Avstriya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Misr, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Isroil, Malayziya, Mavrikiy, Marokash, Pokiston, Falastin, Rossiya, Shri Lanka, Sudan, Suriya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Vetnam va O‘zbekistonda ham bloklangan.

10. Facebook'ni sotib olishga urinmay qo‘ya qoling

Google, Microsoft va Yahoo kabi kompaniyalar har doim Facebook'ga egalik qilishga qiziqishgan. Ular -yillar davomida Facebook'ni sotib olishga bir necha bor uringan. Biroq Sukerberg ularning 1 mlrd dan tortib 15 mlrd gacha bo‘lgan takliflarini rad etgan.

11. Facebook'ka bo‘lgan ogohlantirishlar

Angliya va Uels Katolik cherkovlari rahbarlari Facebook va MySpace tarmoqlariga ogohlantirish bergan. Bunga sabab ushbu platformalar o‘smirlarga vaqtinchalik munosabatlar qurish imkonini berib, haqiqiy insoniy hayotni barbod qilishi va o‘z joniga qasd qilish holatlarini ko‘paytirish borasidagi iddaolar edi.

12. Piter Til kim?

Piter Til amerikalik biznesmen va filantropdir. U 2004-yilda Facebook'ka sarmoya kiritgan ilk investor sanaladi. O‘shanda Til 500,000 dollarik sarmoyasi bilan 10,2% lik aksiya sotib olgan va kompaniya direktorlar kengashi a’zosiga aylangan.

O‘QING: Allamjonov: Facebook va Youtube'ni bloklaganlar qamoqda

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.