Facebook ijtimoiy tarmog‘i bugun 12 yoshga to‘ldi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i bugun 12 yoshga to‘ldi

Facebook’ga 2004 yilning 4 fevral kuni Mark Elliot Zukerberg hamda uning do‘stlari Dastin Moskovits, Kris R. Xyuz va Eduardo Saverinlar tomonidan asos solingan.

Dunyoning eng yirik ijtimoiy tarmoq xizmati va veb-saytiga har oyda 1.59 milliard foydalanuvchi “kirib-chiqib” yuradi. Bugun Facebook dunyoning 10 ta eng yirik va qimmatli kompaniyalardan biri. Forbes nashri tomonidan uning narxi 36.5 milliard AQSh dollariga baholangan. Ushbu brendning yillik daromadi 12.1 milliard, foydasi esa 2.92 milliard AQSh dollari. Kompaniyada 9.199 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi.

MySpace kompaniyasi 2005 yilda Facebook’ni 75 million AQSh dollariga sotib olmoqchi bo‘ladi. Ammo Mark Zukerberg bu narx sayt uchun qimmatlik qilishini aytib, taklifni rad qiladi. Quyida sizga Facebook’ga oid shu kabi 15 ta qiziqarli fakt va dalillarni taqdim qilamiz.

Facebook ijtimoiy tarmog‘i ilk marotaba ishga tushirilganidan boshlab, 2007 yilgacha uning bosh sahifasida amerikalik taniqli teatr va kino aktyori Al Pachinoning surati bo‘lgan.

Har kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ini ishdan chiqarishga qaratilgan 600 mingdan ziyod hakkerlik xurujlari amalga oshiriladi.

Har daqiqada tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 1.8 millionta “like” tugmachasi bosiladi. “like” tugmachasining asl nomi “ajoyib” bo‘lgan.

Dunyoning eng xavfsiz media tarmog‘i sifatida e’tirof etiladigan Facebook avvaliga Mark Zukerberg va do‘stlari, Garvard talabalari uchun o‘zaro fayllar almashadigan portal bo‘lib, u “Wirehog” deb nomlangan.

2006 yildan boshlab Facebook Apple va Microsoft kompaniyalari, so‘ng Intel, Amazon, Accenture, Gap, Pepsi, kabi kompaniya va brendlar bilan hamkorlik qila boshlaydi. 2006 yilning sentyabr oyidan boshlab u barcha foydalanishi uchun ochiq tarmoqqa aylandi. Oradan bir yil o‘tib, Facebook’ning faol foydalanuvchilari soni 50 millionga yetadi.

Har bir Facebook foydalanuvchisining o‘rta hisobda 130 nafar “do‘sti” bor. Jinoyatlar orasida mazkur ijtimoiy tarmoqda kimningdir “do‘stlikni rad qilgani” yoki “do‘stlikdan voz kechgani” bilan bog‘liq qotilliklar ham aniqlangan.

Facebook asoschisi Mark Zukerberg ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘zini “Garvard bitiruvchisi” deya belgilagan bo‘lsa ham, aslida Mark tarmoqni rivojlantirish maqsadida, universitetning Ruhshunoslik fakultetini 2 kursligidayoq tashlab ketgan.

Smartfon egalari kun mobaynida Facebook’dagi sahifalarini o‘rta hisobda 14 marotaba tekshirib ko‘radilar. Har bir AQSh fuqarosi kun davomida 40 daqiqasini shu yerda sarflaydi. Foydalanuvchilarning bu yerda o‘tkazadigan bir oylik vaqti umumiy miqdorda o‘rtacha 1 trillion daqiqaga yetadi.

Facebook o‘z foydalanuvchisining qaysi saytlarga tashrif buyurayotganini kuzatib turadi. Hatto, foydalanuvchi Facebook’dan chiqib ketgan bo‘lsa ham!

Ruhshunoslar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Facebook’ga tashrif buyurgach, har 3 foydalanuvchidan bittasi o‘zining hayotdan norozi ekanini his qiladi.

Bugun mazkur ijtimoiy tarmoqning olamdan o‘tgan foydalanuvchilari soni 30 milliondan oshadi.

2011 yilda AQShda to‘ldirilgan har 3 ta ajrim hujjatlarining bittasida “Facebook” so‘zidan foydalanilgan.

Facebook har bir amerikalik foydalanuvchi hisobidan o‘rtacha 5.85 AQSh dollari mablag‘ ishlaydi. Uning amerikalik foydalanuvchilari soni AQShda so‘nggi prezidentlik saylovida ishtirok etgan fuqarolar sonidan ham ko‘p.

Mark Zukerberg 2013 yilda 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni xayr-saxovat maqsadlarida sarflab, yilning eng saxovatpesha kishisiga aylandi.

Bu tarmoqdagi sahifalarning 8.7 foizi soxtadir.

Ijtimoiy tarmoqning Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi foydalanuvchisi Mikelle Chapmen 2014 yilda otasi va o‘gay onasi nomiga soxta sahifa tashkil qilib, o‘zining haqiqiy sahifasiga haqoratli sharhlar qoldirgani sababli qamoq jazosiga hukm qilingan.

Internet world stats nashrining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasida mazkur ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 2015 yilning 15 noyabr holatida 450 ming nafarni tashkil etadi.

Facebook 12 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z foydalanuvchilariga tarmoqda “Do‘stlar kuni”ni nishonlashni taklif qilmoqda.

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!