Facebook kuzatuvini cheklaymiz

  •   DiMaX
  •  2349
  •  25.04.2017 16:01

Facebook kuzatuvini cheklaymiz

Jorj Oruellning «1984» antiutopiya-romanidagi mashhur «Katta og‘a seni kuzatib turadi» jumlasi bugungi kunda ayniqsa dolzarb. Internetda saytlar, smartfon va kompyuterdagi operatsion tizimlar sizning faoliyatingizni kuzatib borishi xususida avval ham yozganmiz va bu kuzatuvni imkon qadar qisqartirish yo‘llarini ko‘rsatganmiz. Bugun esa eng keng tarqalgan Facebook ijtimoiy tarmog‘ining kuzatuvidan xalos bo‘lishni o‘rganamiz.

Facebook qanday ma’lumotlarni va nima uchun yig‘adi?

The Washington Post nashriga ko‘ra, Mark Sukerberg va uning jamoasi Facebook foydalanuvchilari haqidagi birdaniga 98 xildagi (!) shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ishar ekan. Standart «joylashuv o‘rni, yoshi va jinsi»dan tashqari, ijtimoiy tarmoq o‘z foydalanuvchilarining ta’lim olgan sohasi va ma’lumoti darajasi, millati, daromadi va shaxsiy mablag‘i, yashash joyining o‘lchamlari va oilasi tarkibi bilan ham qiziqadi.

Kutmaganmidingiz? Shoshmang, bu hali boshlanishi! Facebook yana anchadan beri o‘zaro yaqin aloqada bo‘lib kelayotgan foydalanuvchilarni ham qayd etib boradi. Tag‘in, o‘z tug‘ilgan joyidan yoki oila a’zolaridan uzoqda yurganlarniyam kuzatib boradi. Siyosiy mavzularda muloqot qiluvchilarga esa astoydil qiziqadi.

Bir jihatni inobatga oling: Facebook kompaniyasi shu nomdagi ijtimoiy tarmoq va Facebook Messenger ilovasidan tashqari, Instagram va WhatsApp’ga ham egalik qiladi, ularda esa foydalanuvchi ma’lumotlari sinchkovlik bilan o‘rganiladi.

Xo‘sh, nega? Javobi o‘ta oddiy va zerikarli: mo‘ljalli reklamani yo‘naltirish uchun. Ya’ni, qiziqishlaringiz, yashash joyingiz va hokazolarga qarab, aynan sizga qiziqarli bo‘lgan mahsulot va xizmatlarning reklamasini ko‘rsatish uchun.

Kuzatuvni qanday o‘chiramiz?

Boshidanoq aytib qo‘yaqolamiz: Facebook sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni to‘plashi va ko‘rib chiqishini taqiqlashning bittagina yo‘li bor – uning xizmatlaridan butkul voz kechish. Agarda ijtimoiy tarmoq sizga zarur bo‘lsa, u holda «Katta og‘a»ga yetib boradigan ma’lumotlarni qisqartirish mumkin.

Keling, bu ishni chet servislardan boshlaymiz, axir, Facebook bizning ma’lumotlarimizni o‘zining axborot biznesi bo‘yicha hamkorlari bilan baham ko‘radi-ku. Tekinga emas, albatta…

Ma’lumotlaringizni saytlar ko‘rishini cheklang

Xullas, yot saytlar sizning Feysbuk ma’lumotlaringizga kira olishini cheklash kerak. O‘zingizda ham shunday bo‘lgan-ku – umuman boshqa bir saytga kirasiz, biror maqolani o‘qiysiz (yo rasmni ko‘rasiz). Ostida shu materialga izoh yozish yoki «layk» qo‘yishni taklif etishadi, yonida esa allaqachon sizning Facebook’dagi avataringiz turgan bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, mazkur sayt Facebook jihozlaridan foydalanadi va ular orqali sizning ijtimoiy tarmoqdagi ma’lumotlaringizni ko‘ra oladi.

Shaxsiy ma’lumotlaringizni Facebook boshqa saytlarga «shipshitib» yurmasligi uchun mazkur funksiyani o‘chirib qo‘yishingiz kerak. Buning uchun Facebook saytining eng tepasidagi ko‘k hududning o‘ng burchagidagi uchburchakni bosasiz. Ochilgan menyudan sozlamalar, ya’ni «Nastroyki» bandini tanlaysiz. Shu sahifaning chap tomonidagi menyudan «Prilojeniya» bandini bosing. Endi sahifaning o‘rta qismida «Prilojeniya, cayti i plagini» yozuvini hamda «Redaktirovat» tugmachasini topib, bosasiz. Ochilgan oynada «Otklyuchit platformu»ni tanlaysiz.

Ilovalarning ruxsatini o‘chiring

«Avvalgi hayotingda qaysi tarixiy shaxs bo‘lgansan?», «Do‘stlaringdan qaysi biri seni indamasdan kuzatib yuradi?», «Qaysi yirtqichga o‘xshaysan?» kabi testlardan o‘tib ko‘rgansiz-a? Ko‘ngilochar ilovalar va shunchaki qiziqarli testlar sizni qiziqtirib qo‘yadi, ammo ular beg‘araz emas. To‘g‘ri, ular pulingizni olishmaydi, ammo to‘lov sifatida shaxsiy ma’lumotlaringizga ega bo‘lishadi.

Odatda ular nafaqat testdan o‘tayotgan foydalanuvchining profiliga, balki uning do‘stlari profiliga ham kirishga ruxsat olishadi. Deylik, siz o‘zingiz unaqa testlarga qiziqmaysiz, ammo sizga shaxsan tanish bo‘lmagan, faqat shu Feysbukda «do‘stlashib» qo‘ygan bir kishi tinmasdan testlarga kiraveradi. Natijada, qarmoq sifatida o‘sha test servisini tashkil etgan «Katta og‘a» undan nafaqat o‘zining, balki sizning ham ma’lumotlaringizni olib, o‘z bazasiga kiritib boradi.

Bunaqa holatlarning oldini olish uchun, shunaqa servis-ilovalar profilingizga kirishlarini taqiqlab qo‘yishingiz lozim. Buning uchun xuddi boyagi sahifadagi «Prilojeniya» bo‘limini ochasiz, «Prilojeniya, ispolzuyemie drugimi» degan joyiga o‘tasiz. Undagi «Redaktirovat»ni bosib, ochilgan oynada barcha bayroqchalarni olib tashlaysiz.

Noxolis kishilardan o‘z ma’lumotlaringizni yashiring

Bu ham o‘sha sozlamalar sahifasi – «Nastroyki»da, «Konfidensialnost» bo‘limida joylashgan. Mana shu joyda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan kimlar sizning publikatsiyalaringizni ko‘rishi, sizga shaxsiy xabar yozishi yoki profilingizdagi kiritilgan kontaktlar – telefon raqamingiz va elektron pochta manzilingizni ko‘rishi mumkinligini sozlash funksiyasi bor. Shular orqali imkon qadar maxfiylikni o‘zingiz sozlaysiz.

Sahifangizni qidiruv tizimlariga ko‘rinmaydigan qiling

Xuddi o‘sha «Nastroyki»ning maxfiylik, ya’ni «Konfidensialnost» bo‘limini ochasiz. Shu yerdan Google singari qidiruv tizimlari izlash natijalarida sizning ma’lumotlaringizni ko‘rsatishini taqiqlashingiz mumkin.

Buning uchun esa «Kto mojet menya nayti?» bo‘limida «Vi xotite, chtobi poiskovie sistemi za predelami Facebook vivodili vash profil v rezultatax poiska?» yozuvli qatorni toping va «Razreshit poiskovim sistemam za predelami Facebook vivodit vash profil v rezultatax poiska» bandidan galochkani olib tashlang.

Profilingizni tahrirlang

Profilingizda o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlar – qaysi maktabda o‘qiganingiz, oila a’zolaringiz va hokazolar bormi? Ularni imkon qadar minimumgacha qisqartiring. Nimalarni qoldirish esa o‘z ixtiyoringizda.

Xo‘sh, «Katta og‘a»ning kuzatuvidan yashirinasizmi, yoki «Mening yashiradigan narsam yo‘q», deb hisoblaysizmi?