Facebook Messenger’ingiz bormi? Kiberhujumga tayyor turing!

  •   DiMaX
  •  358
  •  21.04.2021 14:26

Facebook Messenger’ingiz bormi? Kiberhujumga tayyor turing!

Kiberhujumlarni bartaraf etishga ixtisoslashgan Group-IB kompaniyasi Facebook’ni 84 ta mamlakatdagi Messenger foydalanuvchilariga uyushtirilgan keng ko‘lamli kiberhujum haqida ogohlantirdi. Bu xususda Daryo nashri xabar bermoqda.

O‘QING: Facebook Messenger hamda WhatsApp egasining o‘zi raqobatchi messenjerni ishlatishi fosh bo‘ldi!

Mutaxassislar birinchi marta 2020 yilning yoz faslida jabrlanuvchining o‘z akkauntiga kirish huquqini yo‘qotishi va shaxsiy ma’lumotlarining tarmoqqa chiqib ketish xavfini paydo qiluvchi firibgarlik tizimi haqida ma’lum qilgan edi. Qonunbuzarlar foydalanuvchilarga Facebook Messenger dasturi uchun mavjud bo‘lmagan «yangilanish» havolalarini yuborgan. 2021 yilning aprel oyida Facebook’da messenjerning «oxirgi yangilanishi»ni taklif qilgan soxta postlar soni 5,7 mingtaga yetdi.

Firibgarlar o‘zlarining reklama postlarida haqiqiy messenjerga mos keladigan nomlardan foydalangan (Messanger, Meseenger, Masssengar va hokazo), dasturning yorlig‘i sifatida esa haqiqiy Messenger’ning rasmiy logotipidan ishlatilgan. Xabarlarning o‘zida esa messenjerning yangi funksiyalari to‘g‘risida ma’lumot berilib, xususan, messenjerning yangi Gold versiyasini yuklab olish tavsiya etilgan.

Shu kabi postlarda keltirilgan havola orqali foydalanuvchi soxta avtorizatsiya shakliga ega bo‘lgan fishing saytiga kiradi. Oqibatda jabrlanuvchi o‘z akkauntiga kirish huquqini yo‘qotish va shaxsiy ma’lumotlarining tarmoqqa chiqib ketishi xavfiga duch keladi. Keyinchalik bu ma’lumotlar xakerlar tomonidan tovlamachilik va spam-xabar uchun ishlatilishi yoki xakerlik forumlarida sotib yuborilishi mumkin, deyiladi xabarda.

Firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun Group-IB mutaxassislari dasturlarni va yangilanishlarni faqat mobil ilovalarning rasmiy do‘konlaridan yuklab olishni, kompaniyaning faqat tasdiqlangan akkauntlari bilan ishlashni, shuningdek, agar foydalanuvchi Facebook Messenger’ga kirish uchun avtorizatsiya so‘raydigan saytga kirib qolgan bo‘lsa, qisqa havolalardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishni va domen nomini tekshirishni maslahat bermoqda.

Group-IB ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha 84 ta mamlakatning foydalanuvchilarga hujum qilingan, ular orasida Rossiya, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari ham bor.

Avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘ida kuzatilgan keng ko‘lamli – 533 million nafar foydalanuvchilariga tegishli shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqqani haqida yozgan edik. O‘shanda Facebook foydalanuvchilariga tegishli telefon raqamlar, ism-familiyalar, tug‘ilgan sanalar va elektron pochta manzillarining tarmoqqa chiqib ketgandi. Eng qizig‘i – hattoki shu tarmoq asoschisi Mark Sukerbergning telefon raqami va boshqa ma’lumotlari ham tarqalib ketgan.

O‘QING: Tekshirib ko‘ring: Facebook’dan sizning telefon raqamingiz ham o‘g‘irlanganmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!