Facebook Shavkat Mirziyoyevning sahifasiga rasmiy maqom berdi

Facebook Shavkat Mirziyoyevning sahifasiga rasmiy maqom berdi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi hukumat topshirig‘i asosida Kaliforniya shtatidagi "Kremniy vodiysi"da bo‘lib, bu yerda faoliyat ko‘rsatuvchi jahonning nufuzli IT-kompaniyalari bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bordi.

"Kremniy vodiysi"dagi muvaffaqiyatli uchrashuvlardan biri Facebook kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Kompaniyani iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rahbari Kleyr Devi ishtirokidagi muhokamalarda Facebook vakillarining O‘zbekistondagi IT-tadbirlarida ishtirok etishi, shu bilan birga, turli yo‘nalishlarda, jumladan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, startaplarni amalga oshirish kabi ijtimoiy loyihalarda hamkorlik qilish rejalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Facebook tarmog‘idagi sahifasiga rasmiy maqom berish bo‘yicha ham kelishib olingan.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov o‘zining feysbukdagi sahifasida mazkur muzokaralarning ilk natijasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Facebook tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatuvchi sahifasiga rasmiy maqom berilganini e’lon qildi.

"Facebook kompaniyasi vakillari uchrashuv vaqtida bergan va’dalari ustidan chiqmoqdalar. Mana bugundan boshlab Presidentimizninig Facebook'dagi sahifalariga kompaniya tomonidan rasmiy status berildi. (Ko‘k rangdagi belgi). Bu esa o‘z navbatida Presidentimiz faoliyatlariga doir axborotlarni yanada kengroq ommaga tarqatishga imkoniyat beradi va turli xil boshqa norasmiy akkauntlardan farqlab, qidiruv jarayonlarida birinchi qilib ko‘rsatadi", deydi Sherzod Shermatov.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!