Facebook tasodifan o‘z moderatorlarining hayotini xavfga qo‘ydi

  •   DiMaX
  •  1081
  •  17.06.2017 09:47

Facebook tasodifan o‘z moderatorlarining hayotini xavfga qo‘ydi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida kompaniyaning 22 ta bo‘limida ma’lumotlarning sizib chiqishi natijasida mingdan oshiq moderatorning shaxsiy ma’lumotlari oshkor bo‘ldi. Bu haqda Guardian nashri xabar bergan.

Xabarga ko‘ra, hozirda xatolik bartaraf etilgan, ammo bungacha sizib chiqqan ma’lumotning o‘zi ham bundan jabr ko‘rgan Facebook xodimlarining shaxsiy hayoti borasida xavfsirashga arziydi. Mazkur moderatorlar ijtimoiy tarmoqda ekstremistik va seksual yo‘nalishdagi kontentni izlab topish va yo‘q qilish bilan shug‘ullanuvchi xodimlardir.

Keng ommaga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar – ushbu moderatorlarning ismi, yoshi va yashash joylaridir. Oshkor bo‘lib qolgan mingdan oshiq moderatordan qirqqa yaqini Facebook’ning Dublindagi Yevropa shtab-kvartirasida joylashgan antiterror bo‘linmasida ishlashadi. Ulardan olti nafari yuqori darajadagi xavf ostida bo‘lishi mumkin, chunki ularning profillarini potensial terrorchilar ko‘rgan bo‘lishlari ehtimoli yuqori.

Guardian’ning ta’kidlashicha, ulardan biri hatto Irlandiyadan qochib ketishga ham majbur bo‘lgan. Zero, uning profilini kuzatgan yetti nafar Facebook foydalanuvchisi terrorizmda gumonlanuvchi shaxslar edi. Ular ijtimoiy tarmoqdagi XAMAS tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelingan, ammo Facebook to‘xtatib qo‘ygan guruh bilan bevosita aloqador ekanliklari ham ma’lum.