Facebook va Youtube bir kun bloklanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qancha zarar yetkazadi?

Facebook va Youtube bir kun bloklanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qancha zarar yetkazadi?

Dunyoda tashriflar soni bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turuvchi Facebook va Youtube saytlari mana to‘rt oydirki, O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan.

Yanvar oyining boshida saytimizda “Facebook ochmayapti. Bu bizneslar uchun nima degani?” maqolasi chop etildi. Unda tadbirkor va bloger Xurshid Maroziqov ijtimoiy tarmoqlarning biznesga ta’siriga to‘xtalib, Facebook internet reklamaning qariyb beshdan biriga egalik qilishini tilga oldi.

Facebook va Youtube saytlarining bloklanishi O‘zbekiston biznesiga zarar yetkazayotganligi aniq, biroq qancha miqdorda zarar keltirmoqda? Netblocks.org sayti yaratgan maxsus kalkulyator Dunyo Banki, Xalqaro elektr aloqasi Ittifoqi, Yevrostat va AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga asoslanib, onlayn platformalar bloklanishining ehtimoliy zararini hisoblaydi.

Netblocks.org xizmati onlayn platformalar bloklanishining ikkilamchi ta’sirini, xususan, sarmoyachilar ishonchining yo‘qolishini ham o‘rganadi.

Sayt hisob-kitobiga ko‘ra, Facebook va Youtube to‘sib qo‘yilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga bir kunda 1 559 500 AQSh dollari, bir oyda 46 784 995 AQSh dollari miqdorida zarar keltiradi.

Mazkur ikki sayt qariyb to‘rt oydan beri O‘zbekiston hududida yopiqligini e’tiborga olsak, iqtisodimiz 187 mln dollardan ortiq ziyon ko‘rgani ayon bo‘ladi.

Quyidagi havolada o‘zingiz hisoblab ko‘rishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!