Fantastik filmlardan kirib kelgan 9 texnologiya

Fantastik filmlardan kirib kelgan 9 texnologiya

Ilmiy-fantastik film bo‘ladimi yoki kitobmi, qiziq va muhim ahamiyati bor: ularda tasvirlangan kelajakka xos xomxayol oxir-oqibat hayotga tatbiq qilinadi. Avval asarlarda aks etgan xayol, keyin hayot innovatsiyasiga aylangan ko‘plab misollarni topish mumkin. Quyidagi, bir necha yillar avval olingan fantastik kinokartinalarda ham bugungi real ilg‘or texnologiyalar xomxayol bo‘lib tuyilgan. Hozir esa ular biz uchun haqiqat.

Astronavtlar ovqatlanish jarayonida Yerdagilar bilan video-muloqot qilishmoqda.

“Metropolis” filmi

Taqdim qilingan yili: 1927

Qaysi texnologiya aytilgan edi: video-aloqa

Germaniyalik rejissyor Frits Langning bu kartinasida kelajak shahri bo‘lmish «Metropolis» haqida so‘z boradi. Jumladan, undagi qahramonlardan biri – brigadir Grot o‘zining rahbariga video-telefon konsepsiyasini to‘g‘risida gapirib beradi. Bu video-telefoniya to‘g‘risidagi ilk tasavvur edi. Chinakam texnologiya esa yaqindagi, oradan deyarli 100 yil o‘tib amalga oshdi.

“Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”

Taqdim qilingan yili: 1966

Qaysi texnologiya aytilgan edi: interaktiv televideniye, plazmali panellar

Fransuz rejissyori Fransua Tryuffo tomonidan fantastik yozuvchi Rey Bredberi romanlaridan biri asosida olingan bu filmda odamlar kitoblardan voz kechib, axborot texnologiyalariga bog‘lanib qoladilar. Jumladan, yirik televizion ekranli devorlardan iborat, zamonaviy tilda aytganda, ulkan plazma panelli uylarda yashay boshlaydilar.

Bu ekranlar interaktiv televideniye, ya’ni  bugungi Smart TV texnologiyasining muqobilidir. Film qahramonlari bu tizim yordamida bir-birlari bilan muloqot qiladilar. Ehtimol, bu bugungi – video-qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkonini berayotgan ijtimoiy tarmoq va messenjerlarning bashorati bo‘lgandir.

“2001 yilda kosmik odisseya”

Taqdim qilingan yil: 1968

Qanday texnologiya aytilgan: planshet kompyuteri

Artur Klarkning taniqli romani rejissyor Stenli Kubrik tomonidan ekranlashtirilgan bo‘lib, film hozirgacha ham kinofantastikaning namunali ishlaridan biri sanaladi. Nomidan ham film XXI asrga sayohat qilishni reja qilganini bilish mumkin. Undagi sahnalardan birida yaqindagina hayotimizga kirib kelgan texnologiya aks etadi: kinodagi qahramon-astronavtlar bugungi planshet kompyuteriga juda o‘xshab ketadigan qurilmada video tomosha qilishadi.

Hatto bir necha yil avval Samsung kompaniyasi Apple’ni planshet dizaynini o‘zidan o‘g‘irlashda ayblab, sudga ham bergan edi. Vaholanki, bu g‘oya 1968 yildayoq ilgari surilgan ekan.

“Tig‘ ustida yugurish”

Taqdim qilingan yili: 1981

Qaysi texnologiya aytilgan edi: Ovozli boshqaruv

O‘z vaqtida «Tig‘ ustida yugurish» filmi eng yaxshi ilmiy-fantastik film sifatida futurologlar tomonidan ham e’tirof etilgan. Film sahnalari 2019 yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan voqealarni tasvilaydi.

Shaharlik detektiv politsiyachi Rik Dekard samoviy zindondan Yerga qochib kelgan  jinoyatchi kiborglarning iziga tushadi. Albatta, hozircha sayyoramizda uni egallash istagida bo‘lgan kiborg jangarilar yo‘q. Biroq, kartina mualliflari 2019 yilda Los-Anjelesda xavfsizlikni ta’minlash tizimlarida odamlarning ko‘z to‘r pardasini tekshirish skaneridan foydalanilishi, murakkab apparat ovoz yordamida boshqarilishini aytishgan. Bugun esa bu ikkala texnologiya ham yangilik emas.

 

“Elektr orzulari”

Taqdim qilingan yili: 1984

Qaysi texnologiya aytilgan: “aqlli uy”

«Elektr orzular» filmini G‘arbda ham deyarli eslashmaydi. Bu bekorga emas: mazkur fantastik  melodramada tasavvurga haddan ziyod erk berib yuborilgani tufayli u ommalashmadi va inqirozga yuz tutdi. Undagi ahamiyatli g‘oyalar qatorida film qahramonining bugun “aqlli uy” deb ataladigan xonadonda yashashini aytish mumkin.

Jumladan, o‘sha uyda yorug‘lik, kayfiyatni ko‘taradigan musiqa, mahsulotlarga buyurtma beradigan xolodilnik, interaktiv televideniye kabi avtomatlashgan buyum va tizimlar o‘rnatilgan.

Uydagi elektr-priborlar, ya’ni bugungi tilda aytadigan bo‘lsak, internetga ulangan buyumlar egasini kuzatadi va uning xohishi hamda holatiga ko‘ra zarur imkoniyatni yaratib beradi.

 

“Oramizda begonalar bor”

Taqdim qilingan yili: 1988

Qaysi texnologiya ilgari surilgan: qo‘shimcha voqelik

Bugun qo‘shimcha voqelik texnologiyasi jadal rivojlanmoqda. Ammo bundan 30 yil avval taqdim qilingan bu filmni ko‘rgan odam rejissyorning ustidan kulgani aniq.

Yuqori texnologiyalarni tasavvur qila oladigan odamlar o‘sha vaqtda ham yashashgan. Misol uchun,  «Oramizda begonalar bor» filmida bugungi virtual voqelik ko‘zoynagiga o‘xshagan qurilma tasvirlangan. Qahramon uni taqishi bilan uning atrofidagi odamlar va muhit o‘zgaradi, u qo‘shimcha noreal buyumlarni ko‘ra boshlaydi. Bugun esa shlemni taqib virtual voqelik o‘yinlarini bemalol o‘ynash mumkin.

 

“Kelajakka qaytib-2”

Taqdim qilingan yili: 1989

Qaysi texnologiya aytilgan edi: shaxsni biometrik  tasdiqlash, barmoq izlari skaneri va uch o‘lchamli  gologramma

2015 yil tasvirlangan filmning qahramoni bo‘lgan Marti doktor Braunga: «Dok, kelajakdagi texnologiyalarni nega hoziroq rivojlantirmaysiz?» deb so‘raganida, Braun unga «Vaqtni shoshirish va fantastik kino qahramoniga o‘xshagim yo‘q», deb javob beradi. Har narsaning o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi, albatta.

Eng ommalashgan fantastik filmlardan biri bo‘lgan “Kelajakka qaytib-2” olinganidan 28 yil o‘tdi. Undagi bir nechta sahnalar – Jennifer Parkerning kirish eshigini barmoq izi orqali ochishi yoki Biffning taksiga pulni maxsus qurilmaga barmog‘ini bosish orqali to‘lashi kabi qarashlar bugun real texnologiyaga aylandi.  Bugun eshik va darvozalar, qurilmalar barmoq izlari yordamida ochiladi. Pul to‘lovlari ham barmoq izini bosish orqali to‘lanmoqda.

Yana bir ahamiyatli sahnalardan biri – 1980-yillardan 2015 yilga kelgan bosh qahramonning 3D-akula bilan to‘qnash kelishi bo‘ladi. Axir bu — bugungi 3 o‘lchamli gologramma texnologiyasining xuddi o‘zi-ku!

“Jonni Mnemonik”

Taqdim qilingan yili: 1995

Qaysi texnologiya aytilgan: odamning elektronika vositalari bilan implantatlashuvi

Tobora avtomatlashib borayotgan dunyoda eng qimmatli mahsulot — axborot!

Bu filmda ham bu qimmatli mahsulot mnemonik, ya’ni maxsus axborot tashishga ixtisoslashgan kurer yordamida tashiladi. Bosh qahramon Jonni ham shunday mnemoniklardan biri.

U o‘z miyasiga maksimal darajada, ya’ni 160 Gb axborot yozish maqsadida, miyasidagi barcha ma’lumotlarni, jumladan bolalik xotiralarini ham o‘chirib yuboradi.

Bu odam tanasining elektronika vositalari bilan omixtalashuviga bir ishora edi. To‘g‘ri, hozircha bu to‘liq joriy qilinmagan bo‘lsa ham, amerikalik innovator Elon Mask uni rivojlantirish uchun milliardlab dollar pul ajratgan.

“Alohida mulohaza”

Taqdim qilingan yili: 2002

Qaysi texnologiya aytilgan: imo-ishoralar bilan boshqarish

Rejissyor Stiven Spilberg olgan “Alohida mulohaza” nomli fantastik kinokartina nisbatan yaqinda olingan bo‘lsa ham, film texnologiya naqadar jadal rivojlanayotganini ko‘rsatib beradi. Jumladan, filmda kelajak kompyuterlari haqida gap ketib, bosh qahramon yirik golografik nurlardan bunyod bo‘lgan displeylardan foydalanadi va ulardan qo‘l hamda barmoq ishoralari orqali foydalanadi.

Film taqdimotidan so‘ng 7 yil o‘tib esa, “Microsoft Kinect” nomli 3 o‘lchamli ishorali nazorat pulti taqdim qilindi. Kompaniya bu texnologiyani yaratishga ularni Spilbergning kartinasi ilhomlantirganini tan ham olgan edi.

Xulosa

Taniqli olim Albert Eynshteyn inson uchun birinchi galda — tasavvur, undan keyin — bilim muhim, demagan. Guvohi bo‘lganingizdek, insonlar turmush tarzini yaxshilashda tasavvur eng muhim omil. Farzandingizni tasavvurini kengatirishga harakat qiling!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!