"Far Out" taqdimotidan oldin Apple o'zining AR/VR qurilmalari uchun savdo belgisi arizalarini topshirgani ma'lum bo'ldi

Bloomberg nashrining xabar berishicha, Apple o'zining anchadan beri mish-mish qilib kelinayotgan AR/VR qurilmasining modellari uchun Reality brend nomi ostida bir nechta savdo belgisi arizalarini topshirgan. Ma'lum bo'lishicha, arizalar AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Saudiya Arabistoni, Kosta-Rika va Urugvay mamlakatlarida topshirilgan.

Aytish kerakki, arizalar shaxsan Apple tomonidan topshirilmagan, chunki Apple kabi kompaniyalar o'z rejalarini maxfiy saqlash uchun patent yoki savdo belgisi uchun arizalar berishda ko'pincha faqat qog'ozda mavjud bo'lgan "qobiq" kompaniyalar nomlaridan foydalanadilar. Shunday qilib, Apple'ning sirli mahsuloti uchun arizalar Immersive Health Solutions kompaniyasi tomonidan topshirilgan bo'lib, Bloomberg bergan ma'lumotlarga ko'ra, Delaver shtatida joylashgan ushbu kompaniya Corporation Trust korporatsiyasi tomonidan ro'yxatga olingan, bu esa realityOS savdo belgisi uchun ariza topshirgan boshqa firmalarni ro'yxatga olgan korporatsiyadir.

Reality One savdo belgisi uchun berilgan ariza. Foto: AQSh Savdo belgisi va patent idorasi (Bloomberg orqali)

Berilgan uchta alohida arizalarda "Reality One", "Reality Pro" va "Reality Processor" uchun savdo belgilari ko'rsatilgan bo'lib, ularning barchasi mahsulot "virtual va kengaytirilgan reallik bosh qurilmalari, ko'zoynaklar va aqlli ko'zoynaklar" ekanligini ta'kidlaydi. Aytish mumkinki, "Reality One" qurilmaning oddiy modeli bo'lsa, "Reality Pro" uning texnik xususiyatlari kuchaytirilgan, yuqori darajadagi versiyasi bo'ladi. "Reality Processor" esa qurilmalar uchun ishlatiladigan protsessor nomi bo'lishi mumkin.

Biroq, arizalar hali qabul qilinmagan, shunday ekan, Apple kelajakda o'zining AR/VR qurilmalari uchun ushbu nomlardan foydalanishi aniq emas. Garchi mish-mishlar to'g'ri bo'lsa ham, Apple 2023-yil boshigacha ularni taqdim qilmasligi avval aytilgan edi. Shunday ekan, iPhone 14 taqdim qilinadigan "Far Out" taqdimotida ular ko'rinish bermasligi mumkin.

Apple ushbu yangi AR/VR qurilmalari virtual olamga kirish eshiklarini ochib beradi va foydalanuvchilarga kengaytirilgan reallik tajribasini ulashadi. Kupertinolik kompaniya o'zining bu mahsuloti bilan Facebook, Instagram, WhatsApp bosh egasi, Meta kompaniyasiga ashaddiy raqib bo'ladi. 

O'QING: Tekis monitor olgan yaxshimi yoki buklanadigan? Nimaga ikkalasi ham emas?