FBR jinoyatchining ayfonini Apple yordamisiz ham ocha oldi! Lekin terrorchiniki...

  •   DiMaX
  •  1408
  •  17.01.2020 11:42

FBR jinoyatchining ayfonini Apple yordamisiz ham ocha oldi! Lekin terrorchiniki...

Grayshift kompaniyasi iPhone parolini bilmay turib ham uning qulfini ocha oladigan GrayKey nomli devaysni taqdim etgani haqida yozgandik. Mazkur qurilmani yasashda isroilliklarga Apple sobiq muhandislari hamda maxsus xizmatlarda ishlagan kiberxavfsizlik mutaxassislari ko‘maklashishgan.

O‘QING: FQB terrorchining iPhone tizimini buzishga qancha sarflagani aytildi

AQSh Federal qidiruv byurosi (Federal Bureau of Investigation, FBI; ruschada – FBR) ushbu gadjet yordamida jinoyatchining ayfoni qulfini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Tag‘inam uncha-muncha emas, kupertinoliklarning hozirda eng zo‘r flagmani – iPhone 11 Pro Max himoyasini buzishning o‘zi bo‘ladimi!?

Mazkur ayfon Baris Ali Kox ismli kishiga tegishli bo‘lib, u o‘zining jinoyatchi akasi AQShdan qochib ketishiga qalbaki hujjatlar bilan yordam bergan. Forbes nashrining yozishicha, Kox o‘tgan yili FQB tomonidan ushlangan va uning smartfonini olib qo‘yishgan. Gumonlanuvchi o‘z ayfonining qulfini ochishga rozi bo‘lmagan va huquq-tartibot idorasi mutaxassislari bu maqsadda GrayKey qurilmasidan foydalanishgan.

O‘QING: Qabr toshiga kamera o‘rnatish FBRga nimaga kerak bo‘lgan?

Qizig‘i shundaki, FBR o‘tgan hafta ham ikkita iPhone qulfini ochishda yordam berishini so‘rab Apple’ga murojat etgan, kupertinolik korporatsiya esa bosh tortgan. Bu smartfonlar Saudiya Arabistoni Harbiy havo kuchlari kursanti Muhammad Said Alshamraniyga tegishli bo‘lib, u Florida shtatidagi Pensakol harbiy dengiz aerodromiga hujum qilib, AQShning uch nafar dengizchisini o‘ldirgan va sakkiz nafarini yaralagan, o‘zi ham halok bo‘lgan. Hukumat 6 dekabrda amalga oshirilgan bu hujumni terrorchilik xuruji deb hisoblagan.

Apple terrorchilikda ayblanayotgan shaxsning smartfonlari qulfini ochishni rad etgani uchun hatto shaxsan prezident Donald Tramp ham korporatsiyadan noroziligini aytgan. Biroq kupertinoliklar o‘z foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligini hatto davlat manfaatlaridan ham ustun qo‘yishmoqda.

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: modomiki FQB mutaxassislari Baris Ali Koxning ayfoni qulfini ocha olishgan ekan, Alshamraniyning smartfonlarini blokdan chiqarishda nega yana GrayKey’dan foydalanishmayapti? Insayderlar hozircha buning sababini aniqlay olishmagan, ayrim taxminlarga ko‘ra, mazkur moslama iPhone himoyasini buzishda ma’lum cheklovlarga ega (masalan, bir martagina ishlaydigan) bo‘lishi mumkin.

O‘QING: O‘n yashar bola iPhone X himoyasini buza oldi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!