«Flagmanlar kushandalari» ijodkori eng arzon smartfonini taqdim etdi!

  •   DiMaX
  •  1021
  •  28.10.2020 09:01

«Flagmanlar kushandalari» ijodkori eng arzon smartfonini taqdim etdi!

«Aslo qotmas» shiori bilan smartfonlar chiqaruvchi kompaniya OnePlus Nord N10 5G rusumli hamyonbop modelini namoyish qilgani haqida yozgan edik. Unisidan tashqari, OnePlus o‘z tarixidagi eng arzon smartfonini ham taqdim qildi.

O‘QING: Xiaomi va Samsung’dan keyin OnePlus ham Apple’ni kalaka qilyapti

Ushbu devays OnePlus Nord N100 deb nomlanadi va narxiga yarasha, 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydigan Snapdragon 460 protsessori bazasida ishlab chiqilgan. Smartfonda 4 gigabaytlik tezkor va 64 gigabaytlik (UFS 2.1 standartli) doimiy xotira qo‘llangan. Aytish kerakki, Nord N10 5G hamda Nord N100 modellari – korpusida microSD-karta uyachasi mavjud bo‘lgan ilk OnePlus smartfonlaridir.

OnePlus Nord N100 ekranining o‘lchami diagonaliga 6,52 dyuymni tashkil etadi. IPS LCD matritsali displey HD+ formatida (1600x720 piksellik aniqlikda) tasvir uzata oladi, ustiga Gorilla Glass 3 himoya shishasi yotqizilgan.

O‘QING: Dunyodagi eng zo‘r o‘nta smartfon («Roskachestvo» reytingi, 2020 yil sentyabr)

Bu smartfonda ham daktiloskopik datchik orqa panelda joylashgan. OnePlus Nord N100 uch modulli (13 + 2 + 2 megapiksellik) bosh kamera bilan jihozlangan. Selfi-kamera uchun ekranning yuqori o‘ng burchagida tirqish ochilgan – u yerga 8 megapiksellik sensor o‘rnatilgan.

OnePlus Nord N100 akkumulyatorining tok sig‘imi sheriginikidan kattaroq – 5000 mA/soatga teng; lekin tezkor zaryad olish quvvati pastroq – 18 vattlik. Qurilmaning korpusida 3,5 millimetrlik standart quloqchin tirqishi hamda stereodinamiklar mavjud.

Mazkur smartfon Yevropada keyingi oyning boshidan, 200 yevro narxida sotila boshlaydi. OnePlus Nord N100 keyinroq Shimoliy Amerika bozoriga ham chiqariladi.

O‘QING: O‘ttiz to‘rt dollarlik 5G-smartfonga nima deysiz?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!