Fortnite’ni endi istalgan Android-qurilmada o‘ynash mumkin, faqat...

  •   DiMaX
  •  1693
  •  12.10.2018 16:27

Fortnite’ni endi istalgan Android-qurilmada o‘ynash mumkin, faqat...

Geymerlar orasida eng ommalashgan o‘yinlardan biri Fortnite hisoblanadi. Butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab kishilar PlayStation 4, Xbox One va kompyuterlarda uni o‘ynashadi.

O‘QING: Fortnite bo‘yicha trener qidirilmoqda

Bir necha oy avval ushbu o‘yin iOS tizimidagi qurilmalar uchun ham taqdim etilgandi, o‘shandan beri uni «olmali» gadjetlar egalari 100 million martadan oshiq yuklab olishdi.

Yaqindagina Fortnite o‘yini Android uchun taqdim etilib, ilk bora Galaxy Note 9 fableti, keyin esa uch kun ichida faqatgina Samsung’ning yana bir qator smartfon va qurilmalarida uni yuklab olish va o‘ynash mumkin bo‘ldi. Hatto bu o‘yin ustalari uchun janubiy koreyalik texnogigant o‘z hadyalarini ham ulashdi.

O‘QING: Samsung eng zo‘r Fortnite o‘yinchilariga Galaxy Note 9 hadya etyapti! (+video)

Epic Games kompaniyasi bu mahsulotini o‘zi mustaqil tarzda tarqatishga qaror qilgan, ya’ni Fortnite o‘yini Google Play ilovalar katalogidan yuklab olinmaydi.

Joriy yilning 13 avgustidan ushbu o‘yinni o‘ynash mumkin bo‘lgan qurilmalar ro‘yxati anchagina kengaydi. 10 oktyabrda esa Epic Games kompaniyasi uning sinov bosqichi yakunlanganini e’lon qildi. Endi Fortnite o‘yinini har qanday Android-qurilmada o‘ynash mumkin, faqat devays tegishli texnik talablarga mos kelsa bo‘ldi.

Bu talablar esa quyidagilardan iborat:

  • Operatsion tizim: Android 8.0 yoki undan keyingilari, 64 bitlik;
  • Tezkor xotira: 3 GB yoki undan kattaroq (tavsiya etilgani – 4 GB);
  • Grafik tezlatgich: Adreno 530, Mali-G71 MP20, Mali-G72 MP12 yoki ulardan kuchliroqlari.

Agarda sizning Android-gadjetingiz ushbu talablarga javob beradigan bo‘lsa, u holda Fortnite o‘yinini quyidagi usullardan biri orqali o‘rnatib olishingiz mumkin:

  • Samsung smartfonlari egalari o‘z qurilmalaridagi Galaxy App Store ilovasini ochib, o‘yinning o‘rnatiluvchi faylini uning yordamida ko‘chirib olishadi.
  • Boshqa barcha Android-qurilmalar egalari mana bu havola orqali o‘tib, sahifadagi QR-kodni skanerlash orqali o‘yinni yuklab olishadi.

Shu o‘rinda, turli o‘yin fayllarini ishonchli bo‘lmagan manbalardan yuklab olmaslikni tavsiya etamiz. Hozirda internetda Android uchun Fortnite o‘yinining «maxsus» versiyalarini yuklab olish takliflari ko‘p, ammo ular aslida qurilmangizga virus yuqtiradi.

Shuningdek, yana bir jihatini inobatga oling – o‘yinlarga mukkasidan ketish ham o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin...

O‘QING: Ajrashishlarning asosiy sabablaridan biri – Fortnite va boshqa kompyuter o‘yinlari ekan!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!