Fuqarolarga STIR berish bekor qilinadi – ID-karta kifoya!

  •   DiMaX
  •  840
  •  08.06.2021 10:07

Fuqarolarga STIR berish bekor qilinadi – ID-karta kifoya!

So‘nggi yillarda aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi isloh qilinib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda soliq organlari tomonidan 45 turdagi elektron xizmatlar ko‘rsatilmoqda, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy saytidagi xabarda.

O‘QING: Davlat xizmatlaridan elektron foydalanish uchun lo‘nda qo‘llanma

Elektron tizim orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni qog‘oz ko‘rinishida olish, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim bo‘lmagan hujjatlarni talab qilishni cheklash kabi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi PF-6191-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar tomonidan aholidan soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi (STIR olganlik) faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.

Ya’ni, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda jismoniy shaxslarning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligini soliq organidan mustaqil ravishda yoki «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olishi lozim.

O‘QING: INPS va INN (STIR) raqamlarini internetdan qanday bilish mumkin?

Shuningdek, farmon bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi belgilandi.

Shunga asosan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga o‘tiladi.

Ya’ni, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini (STIR) berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi.

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanadi.

Bu o‘z navbatida fuqarolarning vaqtini tejash va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarning har bir davlat organida bir xilda yuritilishiga olib keladi.

O‘QING: Ish haqi summalari to‘g‘risidagi ma’lumotni endi tez va bepul – onlayn tarzda olishingiz mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.