Gadjetlarni endi masofadan turib zaryadlash mumkin bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  1104
  •  04.01.2020 16:12

Gadjetlarni endi masofadan turib zaryadlash mumkin bo‘ladi!

Hozirda smartfonlar va boshqa devayslarni simsiz quvvatlash texnologiyasi rivojlanib bormoqda. Garchi portlariga kabel ulanmasa-da, bu usulda zaryadlash uchun gadjetni dok-stansiya ustiga qo‘yish talab etiladi.

O‘QING: Yangi yilda yangi tezlik!

Kaliforniya texnologik instituti mutaxassislari esa simsiz quvvatlashning yangicha turini ishlab chiqishdi. Unda elektr energiyasi yuqori chastotali radioto‘lqinlar yordamida uzatiladi. Buning evaziga esa qurilmalarni masofadan turib ham zaryadlash imkoni bo‘ladi.

Ushbu tadqiqot ishi Guru startapi doirasida olib borilgan va ular yangicha turdagi quvvatlash qurilmasining uchta prototipini keyingi hafta tashkillashtirilayotgan CES 2020 ko‘rgazmasida namoyish etishmoqchi. Bulardan birinchisi har qanday devaysga taxminan bir metrlik masofadan zaryad uzata oladi. To‘g‘ri, bu hali uncha katta masofa emas, ammo amaliy ahamiyati bor: deylik, smartfoningizni quvvatlagich ustiga qo‘yish shart bo‘lmaydi, uning yonida o‘tirgancha, zaryadlash bilan bir vaqtning o‘zida ishlataverasiz.

Ikkinchi prototip ham xuddi birinchisi kabi ishlaydi, faqat uning zaryad uzatish radiusi ancha kengaytirilgan. Uchinchi prototip esa robot ko‘rinishida bo‘lib, tegishli hudud ichida o‘zi harakatlanadi va «aqlli» uy qurilmalarini quvvatlab yuradi.

Guru masofaviy quvvatlagichlari zaryadlash talab etiladigan devaysni o‘zi aniqlab, energiya tashuvchi radioto‘lqinlarni unga yo‘naltira oladi. Faqat bu texnologiyaning ishlashi uchun quvvatlanadigan har bir gadjetga maxsus priyomnik qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Kim biladi, hali kelajakda mazkur texnologiya rivojlanib ketsa, bunday priyomniklar bevosita qurilmalarning tarkibida chiqarilar.

O‘QING: Samsung tezkor va simsiz quvvatlovchi cho‘ntak zaryadlagichi ustida ishlamoqda

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.