«Galaktika olov ichida»: Galaxy S10 5G o‘z-o‘zidan portlab ketdi, Samsung esa jim!

  •   DiMaX
  •  1653
  •  30.04.2019 14:03

«Galaktika olov ichida»: Galaxy S10 5G o‘z-o‘zidan portlab ketdi, Samsung esa jim!

Galaxy Note 7 fabletlari ommaviy tarzda yonib, tutab va portlab ketishi bilan bog‘liq mashmashalar esingizdadir? Samsung o‘shandan keyin har bir modelning shu jihatiga alohida e’tibor bilan yondashib kelayotir. Lekin...

O‘QING: Samsung smartfoni yana portladi

Endi esa Janubiy Koreyadan noxush xabar keldi: Samsung yaqindagina sotuvga chiqargan Galaxy S10 5G superflagmani alangalanib va portlab ketgan! Yaxshiyamki, smartfon o‘z egasiga va boshqalarga ziyon yetkazmagan.

Foydalanuvchining mahalliy forumda ma’lum qilishicha, Galaxy S10 5G uning qo‘lidan tushib ketgan va tezda alanga olgan. Bu masala bo‘yicha Samsung servis markaziga murojaat etganida, u yerdagilar smartfonga tashqaridan shikast yetkazilgani sababli yongani haqida xulosa chiqarib berishgan. Shunchalik qimmat flagmanni xarid qilgan mijozga uni almashtirib berish yoki kompensatsiya taklif etishmagan.

O‘QING: Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

Natijada u ommaviy axborot vositalariga murojaat etgan va ushbu voqea haqidagi xabarni tarqatishni so‘ragan. Shu bilan birga, u Samsung’ga quyidagi mazmunda ochiq murojaat ham qilgan: «Kompaniya fikricha, har bir Galaxy smartfoni qattiq yuzaga tushib ketganida kuyishi mumkinmi va bu me’yoriy holatmi?»

Samsung hozircha bu savolga javob ham, voqea yuzasidan rasmiy bayonot ham bergani yo‘q.

O‘QING: Batareyalarning portlashi: sabab va oqibatlari, himoyalanish usullari

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.