Galaxy A seriyasidagi smartfonlar yangi dizayn va layoqatga ega bo‘ldi

Galaxy A seriyasidagi smartfonlar yangi dizayn va layoqatga ega bo‘ldi

Fevralning ilk kunlarida Samsung tomonidan Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida o‘tkazilgan Janubiy-g‘arbiy Osiyo mamlakatlari forumida kompaniyaning Galaxy A5 hamda Galaxy A7 qurilmalarining yangi talqini to‘g‘risida ma’lumotlar oshkor qilindi.

Galaxy A seriyasi 2014 yilda taqdim qilingan edi. Kompaniya bu seriyadagi mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish istagida qurilmalarning dizayni va qobiliyatini yangiladi. Kompaniyaning xalqaro 4G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan qurilmalar savdosidagi ulushi 2015 yilning dekabr holatida 2014 yilning dekabr oyidagi 25.9 foizdan 60.6 foizga oshgan.

Batafsil

Galaxy A5 hamda Galaxy A7 smartfonlari dizaynida shisha hamda metall xomashyosidan foydalanilgan.

Samsung Galaxy A7’ning o‘lchamlari: 151.50 x 74.10 x 7.30 (bo‘y x en x qalinligi) mm. Uning og‘irligi 172 gramm.

Samsung Galaxy A5’ning o‘lchamlari: 144.80 x 71.00 x 7.30 (bo‘y x en x qalinligi) mm. Uning og‘irligi 155 gramm.

Galaxy A5

Galaxy A5 (2016)

Har ikkala qurilma dizayni 2015 yilning flagmani – ilg‘or smartfoni Galaxy S6’dan olingan. Metall qobiq, old qismidagi shisha sirt ikkala qurilmaga ham hashamdorlik bag‘ishlab turibdi.

Aqlli gadjetlarning old tomoni deyarli ekrandan iborat. Ularning ovoz uzatkichlari ostki tomonda joylashgan.

Ikkala qurilmada ham barmoq izlari skaneri yordamida tizimga kirish texnologiyasi joriy qilingan.

Galaxy A seriyasining ikkinchi avlodi bo‘lmish A5 hamda Galaxy A7 Samsung Electronics’ning Exynos mikroprotsessorlari bilan ta’minlanadi. Bu samarali faoliyat ko‘rsatish tezligini anglatadi.

Galaxy A7

Galaxy A7 (2016)

Galaxy A5’ning yangi talqini 1,6 GGs chastota asosidagi 8 yadroli Exynos protsessorida ishlaydi. Undagi tezkor xotiraning hajmi 2GB, qo‘shimcha xotira esa 16GB. Galaxy A7 (2016) ham 1,6 GGs chastota asosidagi 8 yadroli Exynos SoC protsessorida ishlaydi. Uning ham qo‘shimcha xotira hajmi 16GB. Faqat qurilmaga 3GB hajmidagi tezkor xotira o‘rnatilgan.

Galaxy A5 (2016) full-HD, ya’ni umumiy piksellar sig‘imi 1080×1920 belgiga teng bo‘lgan 5.2 dyuymli, Super Amoled texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan displeyga ega. Galaxy A7 (2016) ham 5.5 dyuymli xuddi shunday displeyga ega.

Har ikkala aqlli gadjet LED fotochaqnoq, optik surat barqarorligini ta’minlovchi funksiyaga ega 13MP bosh kamera, 5MP old kamera mavjud.

Galaxy A7

Galaxy A7 (2016)

Galaxy A seriyasining ilk avlodi kabi, yangi talqindagi qurilmalarning ikkalovi ham 4G LTE (Cat) aloqa tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatadi. Kompaniyaning aytishicha, qurilmalar 4G+ LTE Cat 6 aloqa tarmog‘ida soniyasiga 300 million bit axborotni yuklash imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular yordamida Wi-Fi 802.11 a/b/g/n, Bluetooth 4.1, ANT+, 3G, GPRS/ EDGE, USB 2.0 va NFC aloqa tarmoqlariga ulanish mumkin.

Har ikki telefon apparati 2 ta SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Ulardagi microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi ikkinchi Nano-SIM’nikidan alohida qilib ishlangan.

Galaxy A5 (2016) 2900 mAs va Galaxy A7 (2016) 3300 mAs quvvat toshi – akkumulyatorga ega. Oldingi avlod bilan solishtirganda, ya’ni 2300-2600 mAs quvvat manbaiga qaraganda, bu ancha katta o‘zgarish.

Mobil aloqa qurilmalarida tezkor quvvat olish texnologiyasi tatbiq qilingan. Shuningdek, ularda quvvatni tejash rejimi ham mavjud.

Galaxy A5

Galaxy A5 (2016)

Yangi talqindagi gadjetlar Android 5.1 Lollipop operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Keyinchalik uni Android 6.0 Marshmallow tizimiga almashtirish imkoni yaratilishi mumkin.

Har ikkala smartfonning suratga olish imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Ayniqsa, yorug‘lik past yerda ham suratlarning tiniq va ranglarga boyligini sezish mumkin.

Narx-navo

Galaxy A5 (2016) va Galaxy A7 (2016) 15 fevraldan boshlab Hindistonda 430 hamda 490 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan. Narx-navo hamda texnik imkoniyat masalasida Xitoyning OnePlus kompaniyasi 440 AQSh dollariga taklif qilayotgan OnePlus 2 smartfoni Samsung’ning jiddiy raqibi hisoblanadi. Shuningdek, Motorola’ning Moto X Style gadjeti ham 440 AQSh dollaridan sotilmoqda. Kompaniyaning bayroqdor smartfoni – Galaxy S6 esa Hindistonda deyarli 500 AQSh dollaridan sotilmoqda.