Galaxy A02 chiqdi – atigi 100 dollarga qo‘sh kamerali «avtonomlik monstri»!

  •   DiMaX
  •  2763
  •  27.01.2021 16:47

Galaxy A02 chiqdi – atigi 100 dollarga qo‘sh kamerali «avtonomlik monstri»!

Samsung kompaniyasi o‘zining Galaxy A02 rusumli smartfonini o‘tgan yili tayyorlab, hattoki Geekbench servisida tekshirib ham ko‘rgandi. Endi esa uni rasman taqdim etdi; aniqrog‘i – buning uchun alohida tadbir o‘tkazib o‘tirmasdan, o‘zining Tailanddagi saytida e’lon qilib qo‘yaqoldi.

O‘QING: Realme yangi «avtonomlik monstri»ni atigi 108 dollardan sotuvga chiqardi (+video)

Esingizda bo‘lsa, korporatsiya o‘tgan yil noyabrning so‘ngida Galaxy A02s smartfonini taqdim etib, sotuvga chiqargan edi. Yangi model – Galaxy A02 esa undan ham arzon chiqdi – Tailanddagi narxi bor-yo‘g‘i 100 dollarga to‘g‘ri keladi!

Smartfon diagonaliga 6,5 dyuymlik, TFT matritsali ekranga ega, uning tasvir uzatishi HD+ formatida (1560 x 720 piksellik). Displeyning yuqori qismi o‘rtasida, «V» shaklidagi kemtikda 5 megapiksellik old kamera datchigi joylashgan.

Galaxy A02 bosh kamerasi 13 megapiksellik asosiy va 2 megapiksellik qo‘shimcha sensorlarni hamda fotochaqnoqni o‘z ichiga olgan.

Ushbu smartfonning narxidan tashqari maqtanishga arzigulik jihati – 5000 mA/soatlik akkumulyatori bo‘lib, u 7,75 vattlik texnologiya bo‘yicha quvvat oladi.

O‘QING: OUKITEL F150 chiqdi: 8000 mAs batareyali, «o‘ldirib bo‘lmas» smartfon – atigi 110 dollar! (+video)

Yangi gadjet korpusining o‘lchamlari 164x75,9x9,1 millimetrni tashkil etadi, vazni esa 196 gramm keladi. Unda barmoq izi skaneri, NFC moduli va boshqa zo‘r texnologiya yangiliklar yo‘q, lekin oddiy foydalanuvchi uchun kerakli hamma narsa bor. Bular – 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 5, GPS va GLONASS interfeyslari, 3,5 millimetrlik audiotirqish, ikkita SIM-karta slotidan tashqari microSD formatli xotira kartasi uchun alohida uyacha kabilardir.

Galaxy A02 uchun to‘rt yadroli MediaTek MT6739W protsessori tanlangan. Samsung uni 2 va 3 gigabaytlik tezkor, 32 va 64 gigabaytlik doimiy xotiraga ega variantlarda taklif etadi. Bu smartfon Android 10 operatsion tizimi bazasidagi Samsung One UI grafik qobig‘i boshqaruvi ostida ishlaydi.

O‘QING: Potensial bestsellerlar – Galaxy A52 hamda Galaxy A72 narxlari chiqdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!