Galaxy A20e – hamyonbop turkumning eng ixcham, lekin «beli baquvvat» vakili!

  •   DiMaX
  •  4041
  •  15.04.2019 09:27

Galaxy A20e – hamyonbop turkumning eng ixcham, lekin «beli baquvvat» vakili!

Samsung kompaniyasi yaqinda o‘zgacha form-faktorli, aylanuvchi kameraga ega Galaxy A80 smartfonini taqdim etganidan xabaringiz bor. O‘sha kuni mazkur turkumning yana bir a’zosi – Galaxy A20e modeli ham namoyish etildi.

O‘QING: Yana bir arzon smartfon – Galaxy A20e ilk suratlarda: Infinity-U ekran va qo‘sh kamera!

Bu – yaqinda rasman taqdim qilingan Galaxy A20 smartfonining kichkinaroq versiyasi bo‘lib, tashqi ko‘rinishidan unga ikki tomchi suvdek o‘xshaydi, faqat kichkinaroq. Xuddi «aka»si kabi, Galaxy A20e ham Infinity-V displeyga ega, lekin ekran o‘lchami va matritsa turiga ko‘ra farqlanadi. Standart Galaxy A20 modelida 6,4 dyuymlik Super AMOLED displey bo‘lsa, «uka»siga 5,8 dyuymlik LCD-ekran qo‘yilgan. Lekin tasvir aniqligi o‘sha-o‘sha – 1560x720 piksellik.

Galaxy A20e modelida ham Samsung o‘sha protsessori – Exynos 7884’ni, qo‘llagan, tezkor/ichki xotiralarining hajmlari ham Galaxy A20 devaysidagi kabi – 3/32 gigabaytlik. Yangi modelning xotirasini microSD formatli karta bilan yana 512 gigabaytga kengaytirish imkoni bor.

Asosiy kamera ham Galaxy A20 kabi qo‘shaloq: 13 MPlik (f/1.9) asosiy va 5 MPlik , keng burchakli ob’yektivga (f/2.4) ega qo‘shimcha modullar. Tikka joylashgan kamera modullari ostida fotochaqnoq, orqa panel o‘rtasida esa barmoq izi skaneri mavjud. Displeyning «kemtigi»da joylashgan old kamera aniqligi 8 megapiksellik (f/2.0).

O‘QING: «Jonli» video: Galaxy S10 5G tezligi va boshqa xususiyatlarini iPhone XS Max bilan solishtirib ko‘rsatishdi!

Displeydan tashqari, Galaxy A20e modelida akkumulyator ham kichkinaroq, lekin uyam 15 vattlik texnologiya bilan tezkor quvvat ola biladi. Galaxy A20 gadjetida 4000 mA/soatlik baquvvat batareya qo‘llangan bo‘lsa, «uka»si 3000 mA/soatlik akkumulyatorga ega, ammo ekran ixchamligidan kelib chiqsak, shuning o‘ziyam yaxshi ko‘rsatkich.

Plastikdan ishlangan korpusning o‘lchami 147.2x69.5x8.3 millimetrga teng. Galaxy A20e quloqchin uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish hamda standart microUSB 2.0 portiga ham ega. Ushbu smartfon eng so‘nggi – Android 9.0 Pie operatsion tizimi bilan ta’minlangan bo‘lib, One UI interfeysi ostida ishlaydi.

Galaxy A20e ikki xil – oq va qora tusli korpuslarda ishlab chiqariladi, ammo kompaniya uning savdoga qo‘yilish vaqtini va narxini hozircha aytmayapti. Terashop.uz internet-do‘konimizdan turli rusumlardagi Samsung telefonlarini atigi 451 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda xarid qilish imkoni bor.

O‘QING: Galaxy A2 Core haqida yangi ma’lumotlar: nisbatan kuchli protsessor, Android Pie va aniq narxi!