Galaxy A33 5G bilan boshdan-oyoq tanishamiz

Galaxy A33 5G bilan boshdan-oyoq tanishamiz

Kelayotgan payshanba kuni Samsung o‘zining o‘rta byudjetli 5G smartfonlari: Galaxy A33, A53 va A73 modellarini "Galaxy A Event" tadbirida taqdim qilishi kutilmoqda. Ammo, taqdimot marosimidan oldin Appuals nashri Galaxy A33 haqidagi barcha ma’lumotlarni oshkor qildi.

Ekranidan boshlaydigan bo‘lsak, Galaxy A33 modeli 6.4 dyuymli Super AMOLED, Full HD+ (2400×1080) va 90Hz displeyga ega bo‘ladi va beshichi avlod Gorilla Glass bilan himoyalanadi. Smartfon Samsung'ning hali taqdim qilinmagan Exynos 1280 chipi bilan, 6 GB operativ xotira va 128 GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Batareya sig‘imi 5000 mAh bo‘lib, 25W tezkor quvvatlash bilan zaryadlanadi. Old tomonida tomchi va U shaklli 13 MP selfi kamera, orqasida esa 48 MP asosiy, 8 MP ultra-keng, 5 MP makro va 2 MP portret linzalari bilan keladi.

Galaxy A33 Android 12'ga asoslangan eng so‘nggi versiyadagi Samsung operatsion tizimi One UI 4.1'da ishlaydi va albatta barmoq izini va yuzni aniqlash texnologiyalariga ega. Smartfon IP67 sertifikati bilan suvga chidamli deb topilgan. Shuningdek, unda simli quloqchinlarni ulash uchun naushnik uyasi mavjud bo‘lmaydi. Qora, havorang, shaftoli rang va oq ranglarda qutisida quvvatlovchisi faqat kabel bilan keladigan Galaxy A33 narxi Yevropada 379 yevro (416 dollar atrofida) narxda bo‘ladi.

Bundan avval Galaxy A33 bilan taqdim qilinishi kutilayotgan Galaxy A53 modelining qutidan ochilishi videosi internetda tarqalgan edi. Ma’lumot uchun Galaxy A53 6.5 dyuymli 120Hz ekran, 64 MP asosiy kamera, 32 MP tomchi shaklidagi old kamera chiqarilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Galaxy A73 ham bor va u o‘zining yanada kichik ramkalari va yanada kuchliroq texnik xususiyatlari bilan boshqa modellardan ajralib turadi.

Barcha smartfonlar Toshkent vaqti bilan 17-mart kuni 19:00 da onlayn taqdim qilinadi va taqdimotni kompaniya rasmiy YouTube sahifasida jonli ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Samsung yangi taqdimot uchun taklifnoma ulashdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.