Galaxy A40s ham namoyish etildi: 6,4 dyuymlik, «beli baquvvat» smartfon!

  •   DiMaX
  •  3956
  •  19.04.2019 18:42

Galaxy A40s ham namoyish etildi: 6,4 dyuymlik, «beli baquvvat» smartfon!

Samsung kompaniyasi kuni kecha Galaxy A60 modelini rasman namoyish qilgani haqida xabar bergandik. Bundan tashqari u hamyonbop turkumidagi yana bir – Galaxy A40s smartfonini ham taqdim qilgan.

O‘QING: Galaxy A60 namoyish qilindi: NFC, «gapiruvchi» va «teshik» ekran, 32 MPlik ikkita kamera va o‘rtacha narx!

Galaxy A40s smartfoni shu yilning fevralida chiqqan Galaxy M30 modeliga juda o‘xshash bo‘lib, Super AMOLED ekranining o‘lchami ham unikidek – 6,4 dyuymlik. Lekin, garchi Galaxy A turkumiga mansub bo‘lsa-da, negadir yangi modelda displeyning tasvir aniqligi pastroq – HD+ formatida (1560x720 piksellik).

Smartfonning texnik ta’minoti asosini Samsung’ning o‘z ishlanmasi – Exynos 7904 protsessori tashkil etadi. Uning jamlanmasiga maksimal 1,8 GGs takt chastotali sakkizta yadro hamda Mali-G71 MP2 grafik tezlatgichi kiradi. Tezkor xotirasining hajmi 6 gigabayt, doimiy xotirasi esa 64 gigabaytlik bo‘lib, yana microSD uchun slot ham mavjud.

O‘QING: DxOMark reytingida Galaxy S10 5G kameralari birinchi o‘rinlarni olib, video bo‘yicha rekord o‘rnatdi!

Galaxy A40s modelining Infinity-U displeyi «kemtigi»da 16 megapiksellik, f/2,0 diafragmali selfi-kamera joylashgan. Orqa paneldagi bosh kamera esa 13+5+5 megapiksellik optik sensorlarni va fotochaqnoqni o‘zida birlashtiradi. Barmoq izi skaneri ham orqa qopqoqdan o‘rin olgan.

Smartfon Wi-Fi 802.11 b/g/n hamda Bluetooth 5 adapterlari, GPS/GLONASS priyomnigi bilan ta’minlangan. O‘lchami 158,4x74,9x7,4 millimetrga, vazni esa 174 grammga teng. Galaxy A40s «beli baquvvat», ya’ni akkumulyatori naq 5000 mA/soatlik bo‘lib, 15 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi. Qurilmaga Samsung One UI grafik interfeysi ostidagi Android 9.0 (Pie) operatsion tizimi o‘rnatilgan. Uni yaqin orada Xitoyda 1999 yuan, ya’ni taxminan 225 AQSh dollariga teng narxda sotuvga chiqadi.

O‘QING: Navbatdagi hamyonbop – Galaxy A35 (yoki Galaxy A30e) smartfoni rekord darajali akkumulyatorga ega!